YUNESKO xulosasi bilan Samarqand tarixi 3000 yildan ortiq deb baholandi

Saqlash
10:12 / 06.11.2025 38 0

 

YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida “Samarqand: 3000-yillik meros” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazildi. Tadbir Samarqand shahrining uch ming yillik tarixini ilmiy jihatdan baholash va uning insoniyat tamaddunidagi oʻrnini keng yoritishga qaratildi.

 

Anjumanda Oʻzbekiston va xorijiy ilmiy muassasalar vakillari, tarixchi va arxeolog olimlar ishtirok etdi. Konferensiya ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, Prezident administratsiyasi huzuridagi Kreativ iqtisodiyot va turizm masalalari departamenti direktori oʻrinbosari Elmurod Najimov hamda YUNESKOning Butunjahon merosi markazi direktori Lazar Elondu Assomo soʻzga chiqdi.

 

 

Konferensiyada Oʻzbekiston hamda xorijlik olimlar Samarqandning boy tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosi haqida maʼruza qilib, shaharning insoniyat sivilizatsiyasida tutgan oʻrnini ilmiy jihatdan yoritdi. Arxeologik va tarixiy tadqiqotlar natijalari taqdim etildi.

 

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Afrosiyob, Koʻktepa va boshqa arxeologik obyektlarda olib borilgan qazishmalar natijalari Samarqand hududidagi ilk aholi manzilgohlari miloddan avvalgi II ming yillikka borib taqalishini koʻrsatmoqda.

 

“Bu topilmalar Samarqand va uning atrofida shahar sivilizatsiyasi uzluksiz rivojlanib kelganini anglatadi”, – deya taʼkidlagan olimlar.

 

Muhokamalar davomida xalqaro hamkorlik doirasida olib borilgan tadqiqotlar asosida Samarqandning tarixi uch ming yildan kam emas, degan ilmiy xulosaga kelindi.

 

Shu bilan, ilgari taʼkidlanib kelingan 2750-yillik baholash qayta koʻrib chiqilib, Samarqandning yoshi rasman 3000-yil deb belgilandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//