O‘zbekistonda aliment to‘lovlarining eng kam miqdorini qayta ko‘rib chiqish taklif etildi

Saqlash
12:04 / 27.06.2025 89 0

Senatning 26-iyundagi yalpi majlisida voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.

 

Muhokama davomida aliment undirish va to‘lash jarayonida ayrim muammo va kamchiliklar sanab o‘tildi. Jumladan, alimentning eng kam miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan ikki baravar kamligi qayd etildi.

 

Oila kodeksining 99-moddasiga ko‘ra, har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi belgilangan. Bugungi kunda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 million 155 ming so‘m ekanligini inobatga olinsa, har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori 306 ming so‘mni tashkil etmoqda.

 

“O‘zbekistonda 2025-yilning yanvaridan boshlab minimal iste’mol xarajatlari 669 ming so‘mni tashkil etishidan kelib chiqilsa, alimentning eng kam miqdori minimal iste’mol xarajatlaridan ikki baravar kam bo‘lmoqda. Shuni inobatga olib alimentning eng kam miqdorini bolaning yoshini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqish va bolaning ixtiyori uchun yetarli bo‘lish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiq bo‘lardi”, dedi Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Mo‘ydinova.

 

Konstitutsiyada ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburligi belgilangan bo‘lsa-da, ayrim ota-onalar ushbu majburiyatiga mas’uliyat bilan yondashmayotganiga e’tibor qaratildi.

 

2023-yilda 5 697 kishi, 2024-yilda esa bu ko‘rsatkich 35 foizga ortib, 8 833 kishi moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan hamda o‘tgan yilning o‘zida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 1 109 ta ayblov hukmi chiqarilgan.

 

Muhokama davomida ish joyi bo‘lmagan va daromadi aniqlanmagan qarzdorlardan alimentni undirish borasidagi ayrim muammolarga ham qayd etib o‘tildi.

 

Bolalarga aliment undirish va oilani ta’minlashning boshqa shakllarining xalqaro tartibi to‘g‘risidagi Gaaga Konvensiyasiga qo‘shilish, “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasini shakllantirish manbalarini kengaytirish va aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimini Iqtisodiyot va moliya vazirligining G‘aznachiligi elektron tizimi bilan integratsiya qilish vazifalari ijrosi kechikayotgani tanqid qilindi.

 

“Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan 1 723 nafar undiruvchiga 40,6 milliard so‘m to‘lab berilgan bo‘lsa-da, ushbu mablag‘larning atigi 2 foizi, ya’ni 849,2 million so‘mi jamg‘armaga qaytarilgani mazkur yo‘nalishda ham ta’sirchan choralar ko‘rish lozimligi ta’kidlandi.

 

Bundan tashqari, Oila kodeksining 107-moddasiga asosan voyaga yetmagan bola sud qarori bilan ota-onasidan olinib, bolalar tarbiya muassasasiga joylashtirilgan bo‘lsa,  ota va onaning har biridan mazkur bola foydasiga belgilangan miqdorlarda alimentlar undiriladi. Bunda undirilgan alimentlar mazkur bola nomiga ochilgan bank hisobvarag‘ida jamlanadi va u voyaga yetganda to‘lanadi.

 

Biroq voyaga yetmagan bolalar nomiga bank hisobvarag‘i ochishning huquqiy asoslari belgilanmagani uchun bugungi kunga qadar alimentlar boshqa hisobvaraqlarga to‘lab borilgan.

 

Muhokama yakunida yuqorida tilga olingan masalalarni o‘z ichiga olgan parlament so‘rovini Vazirlar Mahkamasiga yuborish to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//