Qirgʻizistonda davlat tilini bilmaydigan masʻullar jarimaga tortiladi

Saqlash
11:09 / 26.06.2025 25 0

 

Qirgʻizistonda deputatlar davlat tilini qoʻllash bilan bogʻliq ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihalarini ikkinchi va uchinchi oʻqishda maʻqulladi. Bu haqda Kaktusmedia nashri xabar berdi.

 

Yangi tuzatishlarga koʻra, quyidagi shaxslarga qirgʻiz tilini bilish majburiyati joriy etiladi:

 

— parlament deputatlari,

 

— Vazirlar Mahkamasi raisi va aʻzolari,

 

— Konstitutsiyaviy, Oliy va mahalliy sudlar sudyalari,

 

— prokurorlar, tergovchilar,

 

— Milliy bank, huquqni muhofaza qilish organlari hamda milliy xavfsizlik xodimlari.

 

Shuningdek, qirgʻiz tilini yetarli darajada bilmagan advokatlar va notariuslar ham litsenziya olish huquqidan mahrum etiladi. Bundan tashqari, “Televideniya va radioeshittirish toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, koʻrsatuv va eshittirishlarning kamida 60 foizi davlat tilida boʻlishi shart.

 

Yana bir muhim oʻzgarish – “Tashqi migratsiya toʻgʻrisida”gi qonun bilan bogʻliq. Endilikda, davlat tilini yetarli darajada bilmaslik mamlakatda doimiy yashash uchun ruxsatnoma berishni rad etishga asos boʻladi. Chet el fuqarolari qirgʻiz tilini bilmasa, migrant maqomini ololmaydi.

 

Davlat tilida tayyorlangan reklama matni til toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga va imlo qoidalariga muvofiq boʻlishi lozim. Bunday matnlar mahalliy hokimiyat organi tomonidan koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi.

 

Til qonunchiligini buzgan jismoniy shaxslarga 5 ming som (taxminan 711 ming soʻm), yuridik shaxslarga esa 17 ming som (salkam 2 million 416 ming soʻm) miqdorida jarima solinadi. Biroq bu meʻyor jismoniy shaxslar uchun til bilish darajasi boʻyicha qonunchilikda koʻrsatilgan talablarga taalluqli emas. Qoidabuzarliklarni koʻrib chiqish va jarima solish vakolati Davlat tili va til siyosati boʻyicha Milliy komissiyaga yuklatiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//