Toshkent metropoliteni tirbandliklar haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Saqlash
17:44 / 25.06.2025 103 0

Ijtimoiy tarmoqlarda “metroda tirbandliklar kuzatilmoqda” mazmunidagi xabarlar tarqaldi. “Toshkent metropoliteni” DUK bunga munosabat bildirdi.

 

Qayd etilishicha, bugungi kunda har bir yo‘nalishda yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqqan holatda poyezdlar harakati jadval asosida yo‘lga qo‘yilmoqda. Shuningdek, doimiy ravishda ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda yo‘nalishlarda poyezdlar soni oshirilib, qo‘shimcha zaxira poyezdlar ham harakatlanmoqda.

 

Telegram’dagi kanallarning birida metropolitenning “Beruniy” bekati tasvirlangan holda “Har kuni ishdan qaytishda 5 ta metro o‘tkazib, 6- yoki 7-siga zo‘rg‘a chiqib ketishga to‘g‘ri kelmoqda” mazmunidagi ma’lumot taqdim etilgan. Odam nihoyatda ko‘p, metro qatnovining orasi cho‘zilgani aytilgan. Metropoliten bu ma’lumot bo‘rttirilgan (yolg‘on) ekanini bildirdi.

 

“Toshkent metropoliteni” DUK mas’ul xodimlari tomonidan oxirgi 1 oy davomida “Beruniy” metro bekatidagi barcha kameralar to‘liq o‘rganib chiqilganda bekatda bu kabi holat yuz bermagani aniqlangan. 

 

“Aytish mumkinki, bunday holat haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va omma oldida tashkilot obro‘siga putur yetishiga olib keladi”, deyiladi xabarda.

 

Metropoliten ma’muriyati ijtimoiy tarmoq faollaridan bu kabi yolg‘on ma’lumotlarni tarqatmasliklarini, shuningdek, buning uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik mavjudligini eslatdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//