O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirish taklif qilindi

Saqlash
15:56 / 25.06.2025 137 0

O‘zbekistonda pensiyaga chiqish yoshini bosqichma-bosqich oshirish taklif qilindi. Bu haqida Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasining mamlakatga tashrifi yakunlari bo‘yicha xulosasida keltirilgan.

 

Jamg‘arma tahlilida O‘zbekiston pensiya tizimi qator islohotlarga muhtojligi qayd etilgan. Shu sabab tizim o‘rta muddatli barqarorlikni ta’minlay olishi uchun ayrim o‘zgarishlarni amalga oshirish zarur.

 

XVJga ko‘ra,, unga quyidagi yo‘llar bilan erishish mumkin:

 

     – pensiya yoshining past ko‘rsatkichlarini bosqichli ravishda oshirish;

     – ayrim tashkilot kategoriyalari uchun belgilangan imtiyozli badal stavkalarini bosqichma-bosqich bekor qilish bilan bir vaqtda standart badal stavkasini oshirish;

    – pensiya nafaqasi miqdorini mehnat faoliyati davomidagi o‘rtacha daromad asosida hisoblash;

    – avtomatik narx indeksi asosidagi pensiya indeksatsiya mexanizmini joriy qilish.

 

Jamg‘armaning ta’kidlashicha, keksalikda kambag‘allikni kamaytirish maqsadida beriladigan har qanday ijtimoiy nafaqalar qat’iy manzilli bo‘lishi lozim. Bular ehtiyojmandlikni baholash asosida aniqlanib, davlat budjetidan moliyalashtirilishi va takrorlanishlarning oldini olish uchun boshqa ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari bilan uzviy bog‘liq holda boshqarilishi kerak.

 

2023-yil aprel oyida Jahon banki o‘zining “O‘zbekistonda inson kapitali va suv infratuzilmasiga davlat xarajatlari samaradorligini oshirish” hisobotida mamlakatga pensiya yoshini oshirishni taklif qilgan (hozirda erkaklar uchun 60 yosh, ayollar uchun 55 yosh).

 

Hisobotda qayd etilishicha, qaror qabul qilingan paytdan boshlab uni amalga oshirish boshlangunga qadar pensiya yoshi arafasidagi xodimlarga o‘z hayot rejalarini o‘zgartirishlari uchun moslashishga vaqt berish maqsadga muvofiqdir.

 

“2021−2030-yillarga mo‘ljallangan Milliy ijtimoiy himoya strategiyasi doirasida 2025-yildan boshlab pensiya yoshini 65 yoshgacha asta-sekin (yiliga 3−4 oy) oshirishni nazarda tutuvchi qaror qabul qilish eng maqbul variant bo‘lardi. Keyinchalik bu demografik o‘zgarishlar bosimini kamaytirgan holda mehnatga layoqatli va pensiya yoshi o‘rtasidagi chegarani bosqichma-bosqich siljitish imkonini beradi. Mamlakat uchun buni ishchi kuchining demografik o‘sish salohiyati tugashidan oldin (2040-yillarning o‘rtalari) amalga oshirish juda muhim, chunki bu allaqachon milliy raqobatbardoshlik masalasidir”, — deya ta’kidladi Jahon banki.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//