Oʻzbekistonda chiqindilardan yoqilgʻi ishlab chiqariladi

Saqlash
16:39 / 23.06.2025 30 0

 

Oʻzbekiston Saudiya Arabistoni va Fransiya kompaniyalari bilan birgalikda xavfli sanoat chiqindilarini boshqarish sohasida loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Bu boradagi kelishuvni ekologiya vaziri oʻrinbosari Jusipbek Kazbekov, Vision International Investment (Saudiya Arabistoni) kompaniyasining rivojlanish boʻyicha direktori Kapil Lalvani va Suez International (Fransiya) kompaniyasining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Pol Burdiyon imzoladi.

 

Loyiha qiymati 78 mln dollarga baholanmoqda. U uch bosqichda amalga oshiriladi:

 

Birinchi bosqichda chiqindilarni barqarorlashtirish va poligonlarga joylashtirish majmualari hamda mintaqaviy uzatish stansiyalarini yaratiladi;

 

ikkinchi bosqichda chiqindidan yoqilgʻi olish (RDF – Refuse-derived fuel) uskunasi, yoqish inshootlari va issiqlik bilan ishlov berish korxonasining muhandislik oldi loyihasini ishlab chiqish va tajriba asosida sinovdan oʻtkaziladi;

 

uchinchi bosqichda esa toʻliq miqyosdagi chiqindidan yoqilgʻi olish, issiqlik bilan ishlov berish inshootini barpo etish va ishga tushirish maqsad qilingan.

 

Fransiyaning Suez International xorijiy kompaniyasi suv resurslari va chiqindilarni, shu jumladan xavfli chiqindilarni boshqarishga ixtisoslashgan boʻlib, Yevropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, AQSh, Afrika va Yaqin Sharqda faoliyat yuritadi.

 

Vision International Investment Company – 96 milliard dollarga yaqin aktivlarni boshqaradigan yirik investitsiya xoldingi. Faoliyatning asosiy yoʻnalishlari energetika, infratuzilma, kommunal xizmatlar, suv resurslarini boshqarish, elektr energiyasi ishlab chiqarish, konsalting va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini qamrab oladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//