Badiiy ijod va loyiha o‘rtasidagi chegara

Saqlash
12:51 / 23.06.2025 108 0

Dramaturgiyaga ko‘pchilik badiiy ijod emas, loyiha sifatida qaraydi. Teatr tarixining antik davriga nazar solsak, dramaturglar o‘zi asar yozib, o‘zi sahnalashtirgan. O‘sha davrda yozilgan komediya, tragediyalarning hozirgacha teatr sahnalarida qo‘yilayotganlari bor. Buning siri nimada? Xo‘sh, dramaturg qanchalik badiiy ijodkor va qay darajada loyiha muallifi?

 

Dramaturgiya – bu adabiyotning gultoji, degan Belinskiy. Zamona zayli bilan hozir bu sohani ham biznes obyektiga aylantirgan uddaburonlar yo‘q emas. Kimning oti chopag‘on bo‘lsa, unga ergashib ketadiganlar, chalamulla “daho”laridan dramaturg qo‘g‘irchoq yasab, ijodni loyihaga aylantirib, ham obro‘, ham moliyaviy daromad topayotganlar-da talaygina. Bularning barini vaqt baholab beradi albatta. Yaratilgan yilining elagidan omon qolmayotgan pyesalarni so‘zimizga isbot o‘laroq ko‘rsatsak bo‘lar. Asarni inssenirovka yoki adaptatsiya qilishdagi ijodiy hamkorlik boshqa mavzu. Lekin bir mezon bo‘lsaki, original asar va ijodiy loyihalar o‘rtasidan chiziq tortib berolsa.

 

Shu o‘rinda teatrlarimizning bugungi faoliyatiga bir qur nazar solsak. Ular ijtimoiy ob-havo, tomoshabin ehtiyoji, zamon imkoniyatlaridan kelib chiqib spektakl sahnalashtiryaptimi?

 

Rejissyorlik ishini maqtab bo‘lmasa-da, O‘zbek davlat drama teatrida sahnalashtirilgan “Yer baribir aylanaveradi” spektaklini e’tirof etish kerak. Yana shu teatrning “Sadoqat” dramasi ham repertuar durdonalaridan. Joriy yilda Alisher Navoiy nomidagi opera va balet akademik katta teatrida qo‘yilgan “Lazgi” baletini alohida qayd qilish darkor. Uni xalqaro miqyosdagi teatr san’atiga qo‘ygan katta qadamimiz deb baholash mumkin.

 

Yaqin yillarda musiqali drama va musiqali komediya yo‘nalishida ijod qilinmadi, hisobi. Janr rivoji rahbarlar buyrug‘iga qarab, rejissyorning talabi o‘ninchi darajaga tushib qolayotgani alamli. Ayrim teatrlar repertuarida mentalitetimizga zid, tinchlik va qadriyatlarimizga raxna soladigan, boshqa davlat g‘oyalarini ichkariga kiritmoqchi bo‘lgan asarlar siyosiy hushyorlikka chorlashi kerak. Ba’zi teatrlarda esa yaxshi adabiyot namunasi, lekin sahnada qo‘yish yaramaydigan asarlar paydo bo‘lyapti. Bu ham o‘ylab ko‘rishimiz zarur jihatlardan biri.

 

Hozirgi ijodkorlar manfaat quli. Jadidlar davridan farqli o‘laroq bugun yurtimiz fuqarosi erkin, demokratik davlatda yashayapti. Ijtimoiy muammolar esa doim bo‘lgan. Jadidlar joni garovda turganini bilsa-da, ortida baland g‘oyalari, vatan, millat tuyg‘usi turgan asarlar yaratgan. Zamondosh ijodkorlarimizda fidoiylik tuyg‘usi oqsaydi. Birinchidan, ijtimoiy muammoning tag mazmunini ochishga bilimi yetmaydi. Ikkinchidan, bahs tug‘ilishi mumkin bo‘lgan sahna asarlariga bosh qotirib o‘tirmaydi.

 

O‘zbek dramaturgiyasiga asos solgan Behbudiydan to bugungacha jarayonni sarhisoblasak, kam asar yaratilmadi. XX asr boshlarida teatrimiz darg‘alarida ruslarga taqlid seziladi. Cho‘lponning dramaturg sifatida xirmoni tosh bosmasa-da, “Yorqinoy” dramasini qo‘llanma sifatida tavsiya qilish mumkin. Afsona dramaturgimiz Sharof Boshbekov “Temir xotin”, “Eshik qoqqan kim bo‘ldi?” asarlari o‘zbek dramaturgiyasining chinakam xazinasi.

 

Xulosa o‘rnida aytmoqchi bo‘lganim, so‘z san’atkori bo‘lmoqchi bo‘lganlar kundalik yozishi, til bilishi va albatta ko‘p kitob o‘qishi kerak. Shundagina badiiy ijodkorlik va loyiha muallifilik o‘rtasidagi chegarani belgilab oladi.

 

O‘zbektosh TO‘RAXONLI,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//