
Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Shahrisabz tumanida joylashgan Hisor tog‘i yonbag‘ridagi turizm salohiyatining rivojlanishi bilan tanishdi, deb xabar bermoqda uning matbuot xizmati. Shuningdek, Shahrisabz tumanidagi “Hisorak” suv ombori yaqinida barpo etilgan Hisorak kichik gidro elektr stansiyasini ko‘zdan kechirdi.
Miraki mahallasida to‘liq turistik klaster — “Miraki” xalqaro turistik markazi tashkil etilmoqda. Prezident obodonlashtirilgan hudud va yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Oqsuv daryosining ikki qirg‘og‘i bo‘ylab piyoda va velosipedda sayohat qilish uchun 10 kilometrlik ekoyo‘lak, istirohat bog‘i, bolalar maydonchasi, oilaviy mehmon uylari, savdo shoxobchalari tashkil etildi.
Miraki Spa and Resort kurortida ikkita mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar markaz, 600 o‘rinli mehmonxona va 300 o‘rinli yotoqxona mavjud. Markazning salohiyati yiliga 300 ming nafargacha sayyohni qabul qilish imkonini beradi.
Mirakida yo‘llar qurilib, modernizatsiya qilindi, kommunal tarmoqlar o‘rnatildi, elektr ta’minoti yaxshilandi. Hisorak suv ombori hududida uzunligi 2 km dan ortiq kanat yo‘li va dengiz sathidan 2700 metr balandlikda restoran qurildi.
“Shahrisabzning ustun tarafi — yil davomida sayohatga kelish mumkin. Buning uchun yo‘l, kommunikatsiya, mehmonxonalar quryapmiz. Endi xizmat turlarini ko‘paytirishni o‘ylash kerak. Masalan, Mirakiga kelgan mehmon vaqtini qanday o‘tkazadi, nimalar xarid qiladi? Shu talablardan kelib chiqib, xizmatlar taklif qilish, bu yerning tabiati va sharoitini chet ellarda keng targ‘ib etish kerak”, — ta’kidladi prezident.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz tumanidagi “Hisorak” suv ombori yaqinida barpo etilgan Hisorak kichik gidro elektr stansiyasini ko‘zdan kechirdi.
Hisorak suv ombori 1987-yilda qurilgan bo‘lib, 2004-yilda kapital rekonstruksiya qilingan. Hududda 2011-yilda ishga tushirilgan quvvati 45 MVt bo‘lgan asosiy Hisorak GES ham mavjud bo‘lib, yiliga 80 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu esa o‘rtacha hisobda 33 ming xonadonning yillik elektr energiyasi ehtiyojini qoplaydi.
Shahrisabz tumanida energetik quvvati 3,5 MVtga teng, yiliga o‘rtacha 17,5 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi Hisorak kichik GESi qurildi. Uning qurilishi to‘liq mahalliylashtirish doirasida amalga oshirildi. Loyihaning qiymati 1,5 million dollarni tashkil etadi. GES faoliyati natijasida yiliga o‘rtacha 5 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Bu yerda ishlab chiqariladigan elektr energiya 7 ming 300 ta xonadonga yetadi.
Prezident Shahrisabz tumanidagi agroturizm majmuasini ham borib ko‘rdi. Ilgari quruq qir-adir bo‘lgan bu joylar tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilgani natijasida yashil hududga aylangan. Majmua 520 gektardan iborat bo‘lib, adirlik qismida “terrasa” usulida uzum, gilos va olma ekilgan hamda o‘rmon tashkil etilgan. Fransiyadan eng sara navlar olib kelingan.
“Cho‘l-adirlarni o‘zlashtirishimizga shubha qilganlar shu bog‘ni kelib ko‘rsin”, — dedi prezident.
7,5 ming tonna mahsulot yetishtirish imkoniyatiga ega majmuaning eksport quvvati 5 million dollarga teng. 100 ta doimiy va mingdan ortiq mavsumiy ish o‘rni yaratilgan. Ko‘chatlar rivojini fransiyalik mutaxassis kuzatib boradi, yoshlarga dehqonchilik sirlari va bozor talablarini o‘rgatadi.
Hududda, shuningdek, 120 o‘rinli restoran va 100 o‘rinli mehmonxona qurilgan. Agrologistika va o‘quv markazi, qayta ishlash, saqlash quvvatlari qurilmoqda.
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Siyosat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q