
Ilm-fan
AQSh F, M va J talaba vizalari uchun arizalarni qabul qilishni qayta tiklamoqda, biroq barcha ariza beruvchilarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati sinchkovlik bilan tekshiriladi. Bu haqda The Washington Post (WP) va CNN nashrlari yozdi.
Davlat departamentining elchixona va konsulliklarga yuborgan telegrammasida aytilishicha, barcha abituriyentlarning akkauntlari Qoʻshma Shtatlarga nisbatan dushmanlik nuqtayi nazaridan tekshirilishi talab qilinadi.
May oyi oxirida Tramp maʻmuriyati elchixonalar va konsullik boʻlimlariga talabalar vizalari uchun yangi suhbatlar tayinlashni “keyingi koʻrsatmagacha” toʻxtatishni buyurgandi. Farmoyish AQSh hukumati tomonidan Falastin tarafdori oʻlaroq norozilik namoyishlarida qatnashgan talabalardan vizalarni ommaviy ravishda qaytarib olish va Garvard universitetiga chet ellik talabalarni qabul qilishni taqiqlash fonida chiqarildi.
Yangi tekshiruv tartiblari asosan akademik talabalar uchun moʻljallangan F vizalari, shuningdek, kasb-hunar talabalari uchun M vizalari hamda taʻlim va madaniy almashinuvlar uchun moʻljallangan J vizalarini olish uchun murojaat qilgan barcha chet el fuqarolariga nisbatan qoʻllanadi. U taʻlim muassasasidan qatʻi nazar, barcha talabalar vizalariga nisbatan joriy etiladi, deya aniqlik kiritdi WP.
Taʻlim sohasi vakillari yangi tekshiruv tartib-qoidalari AQShdagi potensial xorijiy talabalarga noxush messej yuborishi mumkinligidan tashvishda ekanini bildirdi. Baʻzilar bu choralar nafaqat ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatni tekshirishni, balki abituriyentlarni siyosiy qarashlariga koʻra saralashni ham oʻz ichiga olishi mumkinligidan xavotirda.
Davlat kotibi Marko Rubio imzolagan telegrammada jarayon talabgorlarning “onlayn mavjudligi”ni tekshirishni talab qilishi va yangi tartiblar 5 ish kunidan keyin kuchga kirishi aytilgan.
Ariza beruvchilardan yangi tekshiruv doirasida ijtimoiy tarmoqlardagi profillarini ochiq (public account) qilib qoʻyish soʻraladi va “buning cheklanganligi maʻlum bir faoliyatdan qochish yoki yashirishga urinish sifatida talqin qilinishi mumkin”, deb taʻkidladi CNN.
Telegrammaga koʻra, xodimlar talabalarning profillarini oʻrganayotganda “fuqarolarimizga, madaniyatimizga, hukumatimizga, institutlarimizga yoki taʻsis tamoyillariga dushmanlik munosabatida boʻlgan; xorijiy terrorchilarni va AQSh milliy xavfsizligiga boshqa tahdidlarni qoʻllab-quvvatlaydigan yoki yordam beradigan; noqonuniy antisemit taʻqib yoki zoʻravonlikni amalga oshiradigan arizachilarni aniqlashlari kerak”.
CNNʻning qoʻshimcha qilishicha, talabalik va almashinuv vizalari uchun yangi va qayta murojaat qiluvchi arizachilarga nisbatan qoʻllaladigan koʻrsatma arizachining butun internet faoliyatini – nafaqat ijtimoiy tarmoqlardagi, balki barcha onlayn mavjudligini tegishli qidiruv tizimlari yoki boshqa internet manbalardan foydalangan holda koʻrib chiqishni talab etadi. Bu jarayonga konsullik boʻlimi kirish huquqiga ega boʻlgan barcha maʻlumotlar bazalarini tekshirish ham kiradi.
“Kotib Rubio Davlat departamentini XXI asrga olib kirish bilan birga, Amerika va uning universitetlarini xavfsizroq qilishga yordam bermoqda”, – deyiladi departament xabarida.
Xalqaro taʻlim instituti (Institute of International Education, IIE) hisobotiga koʻra, 2023−2024 oʻquv yilida AQSh oliy oʻquv yurtlarida 1,1 milliondan ortiq xorijiy talaba tahsil olgan. Oʻzbekistonlik talabalar soni 1219 nafarni tashkil etgan.
Jamiyat
Ilm-fan
Siyosat
Ilm-fan
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q