“Odamzot bor ekan, bunday mahsulotlarga talab boʻladi” — Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
11:42 / 19.06.2025 66 0

 

19-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

 

Taʼkidlanishicha, butun respublikada texnologik “sakrash” kuzatilmoqda. Xususan, joriy yilning besh oyida sanoat 6,4 foiz oʻsgan, bu sohada eksport 6 milliard dollardan oshgan.

 

Bunda Qashqadaryo sanoatining hissasi katta. Qarshi shahridagi “Alp texno servis” shunday eksportchi korxonalardan biri. Qiymati 10 million dollar boʻlgan mazkur loyiha elektr texnikasi yoʻnalishida global yetkazib berish zanjirida oʻrin topgan. Korxona xorijiy “TSL”, “HOFFMANN” brendlari uchun buyurtmalar tayyorlab bermoqda. Shuningdek, mahalliy SMART brendiga asos solingan. Shu nomlar ostida yiliga 500 ming donagacha televizor va elektron platalar ishlab chiqarilmoqda.

 

70 foiz tovarlar eksportga yoʻnaltirilmoqda. Oʻtgan yili 2 million dollardan ziyod eksport qilingan. Bu yilgi reja 10 million dollar.

 

 

Davlat rahbari bu tarmoqni yanada rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.

 

“Bu sohada tajriba orttirdik, tashqi bozorga yoʻl topdik. Endi bu korxonani kengaytirish kerak. Odamzot bor ekan, bunday mahsulotlarga talab boʻladi. Faqat sifat va nomenklatura boʻyicha oʻsish, raqobatbardosh boʻlish zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Yana bir muhim vazifa — mahalliylashtirish. Hozir korxonada bu koʻrsatkich 50 foizdan oshgan. Kelgusida 20 million dollarlik yana 4 ta loyihani amalga oshirib, changyutgich, elektr choynak, havo sovutgich, ventilyator ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bularning natijasida yiliga 30 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

 

Qayd etilishicha, korxonada 200 kishi ish bilan taʼminlangan. Qarshi davlat texnika universiteti bilan dual taʼlim yoʻlga qoʻyilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//