Respublika bo’yicha 1700 dan ortiq avtobus bekatlari talabga javob bermaydi

Saqlash
13:09 / 18.06.2025 23 0

O‘zbekiston bo‘ylab 2800 dan ortiq avtobus bekatlari tekshirilganda bir qator kamchiliklar aniqlandi, deya xabar bermoqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi.

 

Qayd etilishicha, qo‘mitaga kelib tushgan murojaatlar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan qoldirilayotgan murojaatlarda avtobus bekatlari belgilangan talab darajasida emasligi va unda yo‘lovchilar uchun yetarli darajada qulayliklar yaratilmagani yuzasidan ko‘plab e’tirozlarini bildirishmoqda.

 

Mazkur murojaatlar asosida qo‘mita va uning hududiy boshqarmalari tomonidan tanlanma usulida 2800 tadan ortiq bekat faoliyati o‘rganib chiqilgan. O‘rganishlarda ularda belgilangan normalarga nomuvofiq faoliyat ko‘rsatayotgan ba’zi bekatlarda quyidagi kamchiliklar aniqlangan:

 

     – 286 ta holatda kutish zallarining uchta tomoni maxsus to‘siqlar bilan yopilmaganligi sababli yo‘lovchilar issiq va sovuq havodan himoyalanmagan;

     – 210 ta holatda kutish zallarida savdo shoxobchalari joylashtirilgan;

     – 387 ta holatda nogironlar uchun maxsus ko‘tarma panduslar mavjud emas;

     – 412 ta holatda kutish zallarida elektr yoritgichlar o‘rnatilmagan;

     – 57 ta holatda yomg‘ir, qor va shamolli kunlarda yo‘lovchilar uchun pavilon mavjud emas;

     – 156 ta holatda bekat nomi yozilgan ko‘rsatkich qo‘yilmagan;

     – 255 ta holatda yo‘nalishning tartib raqami mavjud emas.

 

Davlat standartlari va avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagajni tashish qoidalariga (Vazirlar Mahkamasining 482-son qarori) muvofiq, shahar atrofi yo‘nalishlaridagi bekatlar yo‘lovchilarning u yerga xavfsiz va qulay kelishini ta’minlashi kerak. Pavilonni joylashtirish uchun asfaltlangan maydonchalar va yo‘lovchilarning bekatga kelishi uchun asfaltlangan yo‘lkalar, belgilar va yoritish talab qilinadi. Savdo shoxobchalarini kutish joylari ichida joylashtirish taqiqlanadi.

 

Bekatlardagi shart-sharoitlar “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ham zid bo‘lib, unga ko‘ra, iste’molchilar sifatli va xavfsiz xizmatlar ko‘rsatilishini talab qilish huquqiga ega, deyiladi xabarda.

 

Yuqoridagi kabi kamchilik va qonunbuzilish holatlarini bartaraf qilish chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Transport vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga tegishli ko‘rsatma yuborildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//