
Jamiyat
Toshkent shahrida uy-joy qurilishi sohasida uchta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning “O‘zbekiston 24” telekanali efirida namoyish etilgan intervyusidan ma’lum bo‘ldi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining bosh reja xaritasi saytida keltirilishicha, loyiha amalga oshirilishi kutilayotgan Sharof Rashidov mahallasi hududi renovatsiya hududiga kiradi.
175 million dollarlik ushbu loyiha “Foton” aksiyadorlik jamiyati tomonidan taklif etilgan. Majmua 0,9 gektar maydonni egallaydi va me’moriy halqa bilan bog‘langan ikkita minorani o‘z ichiga oladi. Minoralardan biri 53 qavatga yetadi, ammo bosh rejaga ko‘ra, u yerda 25 qavatdan yuqori bo‘lmagan binolar qurilishi mumkin. 6 ming kishiga mo‘ljallangan 1500 ta xonadon qurilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, loyiha zilzilabardoshliligi bo‘yicha 8 ballik ijobiy xulosa olgan. Bosh reja xaritasida hududning seysmologik zonasi 9 ball, qavatliligi esa 25 qavat etib baholangan. Shuningdek, loyiha gidrogeologiyasi hamda yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi bo‘yicha ijobiy xulosa berilgan.
180 million dollarlik navbatdagi loyihani Xamkar Inshaat kompaniyasi taklif qilmoqda. Unga ko‘ra, 4 gektar maydonda 10 ta ko‘p qavatli uy qurilishi ko‘zda tutilgan. Taqdimotga ko‘ra, turar joy majmuasi (30 qavatgacha) Taras Shevchenko ko‘chasidagi sobiq Davlat geologiya qo‘mitasi o‘rnida (“Ming o‘rik” metro bekati yonida) joylashadi. Biroq, bosh rejaning interaktiv xaritasiga ko‘ra, u yerda faqat 5 qavatdan oshmagan binolarni qurishga ruxsat berilgan.
Uchinchi loyiha poytaxt hokimligi huzuridagi “Tashkent invest” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. U 10,6 gektar maydonda balandligi 30 qavatgacha bo‘lgan (bosh reja bo‘yicha 9 qavatdan baland bo‘lmasligi kerak) turar joy majmuasini qurishni nazarda tutadi. Investitsiyalar 461 million dollarga baholanmoqda.
Kuni kecha prezident kommunal infratuzilma yaratilgandan keyingina loyihalarni loyihalashtirish va amalga oshirishga o‘tish bo‘yicha topshiriq berdi, deydi Toshkent hokimi. Kelgusi 20 yil ichida poytaxtda 58,5 mlrd dollarlik 394 ta loyiha rejalashtirilgan.
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q