Bloger Qobul Dusov 5 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi

Saqlash
16:41 / 16.06.2025 104 0

Bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida K. Dusovga (1984-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi. 

 

Oliy sud tarqatgan rasmiy axborotga ko‘ra, ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining sudyasi A. Mirzaxanov raisligida birinchi instansiyada ko‘rib chiqildi.

 

Sud hukmiga muvofiq K. Dusov 5 nafar jabrlanuvchiga (Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Navoiy viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mutasaddi va mas’ullari, Chirchiq shahri IIB Probatsiya bo‘limi katta inspektori) nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 237-moddasi (yolg‘on xabar berish) 2-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

 

K. Dusovga Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalariga asosan 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi tartibida mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudining 2025-yil 24-fevraldagi hukmi bilan tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan o‘tash uchun uzil-kesil 5 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayilandi.

 

Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

 

K. Dusov tomonidan “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida yaratilgan “Kabul Dusov” nomli profil hamda “Telegram” mesenjerida yaratilgan “Kobul Dusov/RASMIY KANAL/” nomli kanal faoliyati to‘xtatilib, bloklanishi belgilandi. 

 

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha manfaatdor taraflarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlarni undirish yuzasidan fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqlari mavjudligi tushuntirildi.

 

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi.

 

Ma’lumot uchun: Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2024-yil 22-noyabrdagi hukmi bilan K. Dusov Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining 2025-yil 24-yanvardagi ajrimiga muvofiq jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2024-yil 22-noyabrdagi hukmi bilan mahkum K. Dusovga nisbatan tayinlangan va o‘talmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikni cheklash jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilib, jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudining 2025-yil 24-yanvardagi hukmi bilan K. Dusov Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “a” bandi va 140-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi, 59-moddasi 8-qismi va 61-moddasi tartibida uzil-kesil o‘tash uchun 1 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

 

Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2025-yil 11-martdagi ajrimi bilan K. Dusov (1984-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan)ga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining 2025-yil 24-yanvardagi ajrimi o‘garishsiz qoldirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//