“Dolzarb 90 kun” tadbirlariga jalb etilgan pedagoglarni bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirish rejalashtirilgan – vazirlik

Saqlash
15:12 / 16.06.2025 189 0

Ijtimoiy tarmoqlarda “Dolzarb 90 kun” tadbirlari haqida turli fikrlarni kuzatilmoqda. Ular orasida to‘g‘rilari ham va afsuski, tashabbus noto‘g‘ri talqin etilayotganlari ham bor. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mana shu noaniqliklarga izoh berilgan video tayyorladi. Unda “Dolzarb 90 kun” tadbirlari haqida 5 xato fikr va unga vazirlik izohi berilgan.

 

❌1. Bunaqa tadbirlar avval o‘tkazilmagan, o‘qituvchilarni ishlatish uchun o‘ylab topilgan.

 

✅— Yozgi ta’til davrida o‘quvchilarning maroqli dam olishlari hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida hozirga qadar ham zarur ishlar amalga oshirilib kelingan.

 

Bunda vazirlik hamda boshqa hamkor tashkilotlar, mahalliy hokimliklar bilan birga belgilangan maktablarda kunduzgi oromgohlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Turli madaniy va sport tadbirlari, tanlov va musobaqalar o‘tkazib kelingan va ularda o‘quvchilarning qatnashishi ixtiyoriy bo‘lib, bolalar ota-onalarning roziligi bilan jalb qilingan.

 

Mazkur tadbirlarda ishtirok etgan o‘qituvchilar mehnat ta’tilidan tashqari vaqtda, belgilangan ish vaqtida jalb qilingan.

 

Joriy yil tashkil etilayotgan “Dolzarb 90 kun” tadbirlariga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi 1239 ta umumta’lim maktabida kunduzgi oromgohlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan hamda unga 170 minga yaqin o‘quvchilar ixtiyoriy jalb qilinishi rejalashtirilgan.

 

Ushbu maktablarga mehnat ta’tilidan bo‘sh vaqtlarda ixtiyoriy jalb qilingan pedagoglarni bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda.

 

❌2. Endi o‘qituvchilar yozda dam olmaydi.

 

 ✅— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-iyundagi “Pedagog xodimlar uchun yillik uzaytirilgan mehnat ta’tili davomiyligi me’yorlarini belgilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan umumta’lim maktablar pedagog xodimlari uchun 56 kalendar kunlik mehnat ta’tili muddati belgilangan.

 

Respublikadagi mavjud barcha umumta’lim maktablari pedagoglarining yozgi ta’til davrida mehnat ta’tiliga chiqishi uchun tegishli reja-grafik tasdiqlangan va mazkur rejaga asosan pedagoglarning belgilangan kunlarda mehnat ta’tiliga to‘liq chiqishi ta’minlanadi.

 

❌3. O‘qituvchilar yozda uyma-uy yuradi.

 

✅— O‘zbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi Qonunida pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish taqiqlanishi alohida qayd etib qo‘yilgan.

 

Mazkur qonuniy talabdan kelib chiqqan holda, pedagoglarning yozgi ta’tilda uyma-uy yurishi haqidagi fikr mutlaqo asossizdir.

 

❌4. Dolzarb 90 kun majburiy mehnatdan iborat.

 

✅— O‘zbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi Qonuniga binoan pedagogni biron-bir shaklda mehnatga ma’muriy tarzda majburlash taqiqlanadi.

 

“Dolzarb 90 kun” tadbirlariga ixtiyoriy jalb etilgan pedagoglarning belgilangan reja grafik asosida mehnat ta’tiliga chiqishi ta’minlanadi hamda ish vaqti hisobidan tadbirlarda o‘z ixtiyori bilan qatnashgan pedagoglarni bir martalik pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish rejalashtirilgan.

 

❌5. O‘quvchilar ham yozda majburiy maktabga chaqiriladi.

 

✅— “Dolzarb 90 kun” tadbirlariga o‘quvchilarning qatnashishi ixtiyoriy bo‘lib, bolalar ota-onalarning roziligi bilan jalb qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//