“ChatGPTʼdan diniy savollarga javob olish joiz emas” – Musulmonlari idorasi

Saqlash
09:26 / 15.06.2025 52 0

 

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolariga koʻra, inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot, yaʻni sunʻiy intellekt diniy savollarga toʻgʻri javob berishga ojizlik qiladi. Shu sababli diniy masalalarda “biror narsani bilmay qolsa, oʻsha sohaning zikr ahlidan oʻrganish” lozim.

 

Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Fatvo markazi “ChatGPT (sunʻiy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak boʻladimi va shu javoblarga amal qilsak boʻladimi?” degan savolga oʻz javobini eʻlon qildi.



“Yoʻq, bu joiz emas. Toʻgʻri, ChatGPT platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga toʻgʻri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, baʻzan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois sharʻiy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor”, deyiladi diniy idora mutaxassislarining javobida.
 

Diniy idora masʻullarining bildirishicha, musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni oʻsha sohaning “zikr ahli”dan oʻrganishi lozim.

 

«Alloh taolo oyati karimada “Agar bilmaydigan boʻlsangiz, zikr ahlidan soʻrangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat) deya marhamat qilgan. Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, oʻsha sohaning “zikr ahli”dan oʻrganishi lozim boʻladi. Shunday ekan, eʻtiqod va din-u diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan soʻrash talab etiladi», deyiladi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bayonotida.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//