
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Buxoro shahridagi bog‘cha hududida mas’ullarga hududdagi binolardan birini buzib, “ichidagi odami bilan ko‘mib tashlash”ni buyurgani aks etgan video tarqaldi va ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqardi.
“Bog‘cha hududiga kirganlarning hammasining huquqiy hujjatlarini ko‘tarasan. Yo‘g‘ini hech kimni eshitmasdan buzasan, Mo‘min. Sud-pud demasdan, bugunning o‘zida buzib tashlaysan. Narsasi, ichidagi odami bilan ko‘mib tashlaysan. Bo‘ldi endi, sud-pud deb, hammasini erkalatganimiz. Orqadan eshik ochganning hujjatini ko‘rasan”, – degan Botir Zaripov.
Shuningdek, viloyat hokimi IIB boshlig‘iga ham dakki bergan.
“O‘rtoq nachalnik, siz “yest”dan oldin... Kechayam viloyat hokimi kelyapti, men kuzatdim, bemalolroq bo‘lgansizlar butunlay shaharda. Bugun ham bu yerda ahvol haminqadar. Yo bu jinoyatchilikka omil bo‘luvchi holatlarning oldini oling, yo bo‘lmasa sizni tinchroq tumanga jo‘natay. “Uje” men topshiriq berdim. Tushundingizmi? O‘zgarish qiling”, degan hokim.
Botir Zaripov shu yerning o‘zida mas’ullarga intizomiy jazo qo‘llashini bildirgan.
“Agar shahar bo‘yicha ijtimoiy soha obyektlari men aytgan nuqtayi nazardan tanqidiy ko‘rib tuzatilmasa, u kishiga javob beriladi. Bu shahar hokimining hamma o‘rinbosarlariga “urok” bo‘lsin”, degan Botir Zaripov.
Ijtimoiy tarmoqda yashin tezligida tarqalgan videodagi holatga faollar, foydalanuvchilar noroziligini bildirdi.
Generalissimus kanali muallifi tegishli tashkilotlarni video bo‘yicha bayonot berishga chaqirdi.
“Biz huquqiy davlatligimizni inobatga olsak, Buxoro viloyati hokimi videosi bo‘yicha Bosh prokuratura, PA, Vazirlar Mahkamasi rasmiy bayonot berishi kerak.
Axir, o‘ziga o‘zi huquqiy baho bera olmaydi inson.
Agar hokim emas, tanqidlari bilan tanilgan bloger huquqbuzarlik sodir qilganda necha soatda javobgarlikka tortilgani haqida bayonot berilardi?”, deb yozadi u.
Bloger Umid Gafurov esa hokim atrofida prokuratura xodimlari borligiga e’tibor qaratgan.
“Bu videoda bloknotiga insho yozayotgan xodimlar orasida katta ehtimol bilan prokuratura xodimlari ham bor…
“Sud qilmasdan”, (ya’ni “o‘zini Sud tizimidan ustun qo‘yish, mansabini su’iste’mol qilish”), “odami bilan ko‘masan” (ya’ni odam o‘ldirish yoki og‘ir tan jarohati yetkazishga undash) degan gaplarini yozib olib jinoiy javobgarlik qo‘zg‘atish uchun dalillarni bloknotiga yozib olyapti degan yaxshi gumondamiz”, deya yozgan Umid Gafurov.
Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov esa muammoning ildiziga e’tibor qaratdi.
“Hokim o‘zini kichkina hududda hokimiyatning faqat bir bo‘g‘ining (ijro hokimiyatining) boshlig‘i (saylanganmi, tayinlanganmi - farqi yo‘q), hokimiyatning uch bo‘g‘inidan faqat birining - boshqa bo‘g‘inlari nazorat qila oladigan, hokimiyati boshqa bo‘g‘inlar tomonidan cheklangan bo‘g‘inning - vakili deb bilmaydi. U o‘zini hokimiyatning uch bo‘g‘inidan yuqori deb biladi. Va de-fakto ham shunday. Muammoning ildizi shunda. Va hech qanday izohlar, bayonotlar, huquqiy baholar vaziyatni o‘zgartirmaydi. Bunisini ishdan olishar - o‘rniga keladigan boshqasi ham o‘zini ham xuddi shunday tutadi“, deb yozmoqda Jalilov.
Video bo‘yicha Buxoro viloyat hokimligi raddiya berdi va vaziyatni “rahbarlarning mas’uliyatini oshirish uchun hissiy so‘zlar ishlatishga to‘g‘ri kelgan“i bilan izohladi.
Hokimlikka ko‘ra, holat 22-may kuni bo‘lgan va Botir Zaripov boshchiligidagi ishchi guruhi 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida ta’mirlash ishlarini ko‘zdan kechirgan.
“O‘rganish jarayonida Botir Zaripov davlat bog‘chasi hududi obodonlashtirilmaganligi, bog‘chaga tutash bo‘lgan hududdan o‘zboshimchalik bilan egallangan umumiy ovqatlanish obyekti egasi tomonidan bog‘cha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufiyona noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagi ochilganligi, bundan tashqari bog‘cha hududining bir qismida yuqori kuchlanishli transformator atrofi temir panjara bilan o‘rab olinmaganligi yuzasidan e’tirozlarini bildirdi“, deyiladi hokimlik tarqatgan raddiyada.
Shuningdek, bog‘chada bolalar xavfsizligini ta’minlash hokimlarni bevosita vakolatiga kirishini eslatib o‘tilgan va «buzib tashla» deganda hokim xususiy bog‘chani emas, davlat MTM hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufiyona, noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagini bartaraf etilishi nazarda tutgani aytilgan.
“Viloyatning boshqa shahar-tumanlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bu kabi holatlarni o‘rganish va zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Buxoro shahar hokimining tegishli o‘rinbosariga “hayfsan“ intizomiy chorasi qo‘llanilgan, noqonuniy yo‘lak bartaraf etilgan hamda o‘rganish olib borilgan 2-son davlat maktabgacha ta’lim muassasasidagi jarayon tasvirga olinib, mutasaddilarga yuborilgan va shu tariqa keng tarqalgan.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlamoqchimiz, viloyatda qonun ustuvorligi ta’minlanadi, bironta noqonuniy buzilish qilinmaydi. Ushbu holatda viloyat hokimi tomonidan topshiriq berish paytida ayrim rahbarlarning mas’uliyatini oshirish uchun hissiyotli gapirishga to‘g‘ri kelgan“, deyiladi raddiyada.
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q