Shavkat Mirziyoyev aviahalokat munosabati bilan Hindiston xalqiga hamdardlik bildirdi

Saqlash
17:09 / 12.06.2025 90 0

 

Shavkat Mirziyoyev Hindistonning Ahmadobod shahri hududida yuz bergan aviahalokat oqibatida koʻplab insonlar halok boʻlgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Hindiston prezidenti Draupadi Murmu va bosh vaziri Narendra Modiga taʻziya maktubi yoʻlladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Davlat rahbari halok boʻlganlarning oila aʻzolari va yaqinlariga, butun Hindiston xalqiga chuqur hamdardlik izhor etib, jarohat olganlar tez fursatda sogʻayib ketishini tiladi.

 

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi olingan dastlabki maʻlumotlarga koʻra, mazkur reysda Oʻzbekiston fuqarolari boʻlmaganini maʻlum qildi. 12-iyun kuni Ahmadobod shahridan Londonga uchayotgan Air India kompaniyasining Boeing 787 Dreamliner yoʻlovchi samolyoti parvozdan koʻp oʻtmay halokatga uchradi.

 

Samolyot bortida 242 kishi, jumladan, 2 uchuvchi va 10 styuardessa boʻlgan, deb yozadi Times of India. Qulash joyida qutqaruv operatsiyasi olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//