XDP taksichilik sohasidagi yangi tartib boʻyicha vazirni parlamentga chaqirtirdi

Saqlash
16:28 / 12.06.2025 112 0

 

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi taksichilarga nisbatan qoʻllanilayotgan yangi talabga qarshi chiqib, transport vaziri Ilhom Mahkamovga soʻrov yubordi.

 

Partiya bayonotiga koʻra, vazir Mahkamov muammoni bartaraf etish maqsadida parlamentdagi hukumat soatiga taklif qilingan.

 

Vazirlar Mahkamasining 2-aprelda qabul qilingan va oradan ikki oy oʻtib jamoatchilik eʼtiboriga tushgan qarorga koʻra, taksi faoliyati uchun litsenziya berish tartibi oʻzgargan: endilikda avtomobilning davlat raqamida qaysi hudud kodi koʻrsatilgan boʻlsa, bu avtomobilda faqatgina shu hudud va unga tutash hududdagina taksichilik qilish mumkin. Eski tartib asosida litsenziya olishga ulgurgan haydovchilar litsenziya muddati (1-yil) tugagunga qadar faoliyatini erkin davom ettirishi mumkin.

 

Xalq demokratik partiyasining qayd etishicha, bu tartib – Konstitutsiyasining 67-moddasiga zid. Bu modda bilan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablagʻlarning erkin harakatlanishi kafolatlangan.

 

“Yoʻnalishsiz taksi faoliyati bilan bogʻliq joriy qilingan cheklov turli noqonuniy faoliyatlarni boshlanishiga, ularni erkin mehnat faoliyatini olib borishga toʻsqinlik qilishga, eng asosiysi, fuqarolarimizning konstitutsiyaviy huquqlari cheklanishiga olib keladi.

 

Shuningdek, Bosh qomusimizning 42-moddasiga koʻra, har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga egaligi nazarda tutilgan.

 

Yoʻnalishsiz taksi faoliyati bilan shugʻullanayotgan fuqarolarimiz oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida ishsizlikdan himoyalanish huquqidan foydalangan hisoblanadi. Va bunday shaxslar qonunlarda belgilangan tartibda tegishli litsenziya olib, tegishli soliqlarni toʻlagan holda toʻliq qonuniy faoliyat yuritmoqda.

 

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, yoʻnalishsiz taksilar boʻyicha cheklov joriy qilishga hech qanday huquqiy asoslar yoʻq. Aksincha, konstitutsiyaviy meʼyorlarga zid kelayotgan jihatlari yaqqol koʻrinib turibdi”, – deyiladi XDP bayonotida.

 

Avvalroq Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navroʻz Ashurmatov “Bu tartib kecha yoki bugun paydo boʻlib qolmagan. 2011-yilda aynan mana shu yoʻnalishli taksilar faoliyatini tartibga soluvchi 139-sonli qaror chiqarilgan. Oʻsha qaror bilan tasdiqlangan nizomda yoʻnalishli taksilar uchun yagona tanish belgilari va ularning faoliyat yuritishi uchun qoʻyilgan talablar bor”, deya yangi talabni izohlagandi.

 

Masʼulning qoʻshimcha qilishicha, bu qaror hozir oʻzining kuchini yoʻqotgan. Mazkur qaror oʻrnini bosuvchi 2025-yilda chiqqan qarorga koʻra, haydovchining oʻz hududida, yaʼni litsenziya kartochkasida koʻrsatilgan hududda faoliyat olib borishi belgilab qoʻyilgan.

 

“Yaʼni haydovchi faoliyatini oʻsha litsenziya varaqasida koʻrsatilgan hudud va unga tutash hududda olib boradi. Masalan Toshkent shahrida roʻyxatdan oʻtgan 01 kod bilan boshlanuvchi davlat raqamli transport vositasi Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Sirdaryo viloyati hududida taksichilik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin. Xuddi shuningdek, viloyatlarniki ham xuddi shunaqa boʻladi”, degandi vazirlik axborot xizmati rahbari Navroʻz Ashurmatov

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//