
Siyosat
Deputatlar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziriga deputatlik soʻrovi yubordi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Parlament quyi palatasi yigʻilishida qattiq maishiy chiqindilar (QMCH) poligonlarini yopish va rekultivatsiyasi, shuningdek, QMCHni koʻchirish va qayta ishlash stansiyalarini tashkil etish boʻyicha qator loyihalar realizatsiyasi kechikayotgani taʻkidlandi.
2019−2028-yillarga moʻljallangan QMCHni boshqarish strategiyasiga muvofiq, Oʻzbekistonda QMCHni qayta ishlash, shu jumladan, muqobil energiya manbalari sifatida foydalanishning zamonaviy tizimini yaratish, shuningdek, mavjud chiqindixonalarni yopish va rekultivatsiya qilish choralarini koʻrish rejalashtirilgan.
Ekologiya vazirligi 2024-yil yakuniga koʻra mavjud 198 ta QMCH poligonidan 29 tasining rekultivatsiyasi haqida xabar berdi. Bu issiqxona gazlarining sizib chiqishini toʻxtatish va yongʻin xavfining oldini olish imkonini berdi, chiqindi suvlarning atmosferaga salbiy taʻsiri 78 foizga kamaydi.
2025-yil mart oyida kelgusi ikki yil ichida chiqindilarni yoqish orqali energiya ishlab chiqaradigan elektr stansiyalari qurish rejalari eʻlon qilindi. Xitoylik investorlar koʻmagida amalga oshirilayotgan loyiha Oʻzbekistonning olti viloyatini qamrab olishi mumkin.
Deputatlarning parlament soʻrovi sanitariya tozalash korxonalarini chiqindilarni saralash uchun QR-kodli maxsus chiqindi paketlari bilan bepul taʻminlashga ham tegishli boʻldi.
Avvalroq 2024-yil 1-iyuldan boshlab Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlari hamda Toshkent viloyatida sanitariya tozalash korxonalari tomonidan fuqarolarga chiqindilarni alohida yigʻish uchun QR-kodli chiqindi paketlari bepul berilishi rejalashtirilgandi. Shaffof paketlar qayta ishlanadigan QMCH uchun, qoralari — qayta ishlanmaydiganlari uchun, jigarranglari esa oziq-ovqat chiqindilari uchun boʻlishi moʻljallangandi.
2012-yildan boshlab chiqindilarni alohida yigʻishni tizimli yoʻlga qoʻyishga urinishlar olib borilmoqda. Bunday vazifalar bir necha bor — 2014, 2017 va 2020-yillarda qoʻyilgan.
Parlament soʻrovida chiqindilarni qayta ishlash yoki ekologik xavfsiz utilizatsiya qilishni yoʻlga qoʻygan tadbirkorlar uchun “yashil” subsidiyalar tizimini joriy etish masalasi ham muhokama qilingan. Elektromobil akkumulyatorlarini xizmat muddati tugagandan keyin yoki turli sabablarga koʻra ishdan chiqqanida saqlash va utilizatsiya qilish masalalari ham koʻtarilmoqda.
“Yashil” subsidiyalar tizimini 2024-yilning 1-avgustiga qadar joriy etish belgilangandi. Utilizatsiya qilish yoki qayta ishlash uchun tadbirkorlar subsidiya olishi kerak boʻlgan QMCH roʻyxatiga energiya manbalari, jumladan, batareyka, akkumulyatorlar, lyuminessent lampalari, elektronika va elektrotexnika qurilmalari chiqindilari hamda boshqa chiqit mahsulotlar kiradi.
Siyosat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q