
Sport
Kechadan buyon O‘zbekiston va Qatar milliy futbol jamoalari uchrashuvidagi yirik g‘alaba munosabati bilan ko‘plab yurtdoshlarimiz o‘z fikr-mulohazalari bilan bo‘lishib kelmoqda. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ham o‘z sahifasida o‘yindan keyingi taassurotlari haqida yozib qoldirdi.
“Kecha mamlakatimiz hayotida tom ma’noda tarixiy kun bo‘ldi. Ham siyosiy, ham iqtisodiy, ham madaniy sohalardagi ulkan muvaffaqiyatlar bilan yodda qoldi. “Bunyodkor” stadionida o‘tgan futbol uchrashuvidagi ko‘tarinki ruh kunning ajoyib yakuni bo‘ldi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida tadbirlar ko‘p bo‘lganiga qaramay, Prezident Shavkat Mirziyoyev terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlash uchun stadionga bordi. Yakunda O‘zbekiston futbolchilari Qatarni 3:0 hisobida yengdi.
E’tiborlisi, davlatimiz rahbariga yurtimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lgan Bolgariya Prezidenti Rumen Radev va Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso, Toshkent investitsiya forumiga kelgan Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Qirg‘iziston hukumati raisi Adilbek Kasimaliyev, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Nokerguli Ataguliyev va boshqa rasmiylar hamrohlik qildi. Ular nafaqat o‘yinni kuzatdi, balki xalqimiz bilan birga muxlislik qildi, xursandchiligimizga sherik bo‘ldi.
Yodingizda bo‘lsa, shunday do‘stlik va ahillik 2024-yilda Parijda bo‘lib o‘tgan olimpiadada ham ko‘zga tashlangan edi. Muxlislar Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bayroqlarini birga ko‘tarib, qardosh sportchilarni olqishlab turgan edi.
O‘zaro hurmat va samimiyatga qurilgan bunday munosabatlar, albatta, iqtisodiyotda ham, xalq hayotida ham o‘z aksini topadi. Buni barcha sherik davlatlar, ayniqsa, qo‘shni xalqlar bilan bordi-keldi, savdo-sotiq ko‘payganida yaqqol ko‘rish mumkin.
Mazkur holatlar davlatimiz siyosatidagi samimiylik, O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan katta hurmatdan dalolat beradi. Shu bilan birga, qardosh mamlakatlar yetakchilarining oqilligi, mard va bag‘rikengligi butun bir mintaqadagi muhitni o‘zgartirib yuborishining yorqin namunasidir”, deydi Sherzod Asanov.
Jahon
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q