Endi Toshkent xalqaro aeroportida kutib oluvchilar terminal ichiga kirishi mumkin

Saqlash
17:13 / 11.06.2025 43 0

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida uchib kelish zali rekonstruksiyasining dastlabki bosqichi yakunlandi. Birinchi bosqichda zalning faqat o‘ng qismi yangilandi, umumiy maydoni kengaytirilib, avtotransport va avtobuslar uchun yangi yo‘lak, 120 o‘rinli avtoturargoh qurildi va yashil hudud barpo etildi.

 

Bino fasadining kengayishi uchib kelish zali maydonini 2100 kvadrat metrga oshirish imkonini berdi. Natijada bojxona hududi kengaytirildi, qo‘shimcha yuk karuseli o‘rnatildi, terminal ichida kutib oluvchilar uchun ilk bor 120 o‘rindiqli hudud tashkil etildi.

 

Shuningdek, kutib oluvchilar maydonidan tashqari qisqa muddatli to‘xtash uchun zalga tutashgan maxsus ajratilgan yo‘lak ochilgan. Aeroport xizmatlariga ko‘ra, endi zal oldigacha ham taksi, ham shaxsiy avtomobillar va avtobuslarda kirish mumkin. Yo‘lakda turish vaqti jo‘nab ketish zalidagi yo‘lak kabi 10 daqiqani tashkil etadi.

 

Rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichini 2025-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan. Bunda qo‘shimcha yuk tashish kamarini o‘rnatish, kafelar, do‘konlar va boshqa xizmatlar joylashgan kutib oluvchilar hududini kengaytirish nazarda tutilgan.

 

Yakuniy bosqich – kelish va jo‘nash zallarini yagona terminal majmuasiga birlashtirishdir. Ishlar yakunlangach, terminalning umumiy maydoni 10 ming kvadrat metrdan oshishi, o‘tkazish qobiliyati esa soatiga 2400 yo‘lovchiga yetkazilishi kutilmoqda.

 

Toshkent aeroportida birinchi marta terminal ichida kutib oluvchilar uchun zona tashkil etildi

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//