Suvdan foydalanish qoidalari buzilgani aks etgan foto va video yuborganlar rag’batlantiriladi

Saqlash
14:41 / 11.06.2025 87 0

Hukumatning 7-iyundagi qarori bilan “Jismoniy shaxslar tomonidan qayd etilgan suv xo‘jaligi sohasidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi haqida”gi nizom tasdiqlandi.

 

Nizom Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 74-moddasining 2-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarga nisbatan tatbiq etiladi. Ushbu moddada sun’iy suv oqimlari (ochiq va yopiq kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari), suv havzalari (suv omborlari, sel suvlari to‘planadigan joylar, hovuzlar va boshqalar) hamda boshqa sun’iy suv obyektlaridan olinadigan suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalarini buzish, ya’ni suvdan xo‘jasizlarcha foydalanish, suvlarning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etuvchi gidrotexnika ishlarini va boshqa ishlarni o‘zboshimchalik bilan bajarish, suv obyektlaridan belgilangan suv olish limitlari, suvdan foydalanish va suv iste’moli rejalarini buzish fuqarolarga BHMning bir baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

 

Shaxslar huquqbuzarlikni videotexnika vositalari orqali qayd etib, 48 soatda Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga v-nadzor.gov.uz sayti orqali yuboradi.

 

Foto va videomateriallarda quyidagilar aks ettirilishi lozim:

  • sodir etilgan huquqbuzarlik;

  • huquqbuzarlik sodir etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar (agar mavjud bo‘lsa);

  • huquqbuzarlik sodir etilgan manzil, aniqlangan sana va vaqt.

     

Qoida tariqasida, foto va videomateriallarning davomiyligi 120 soniyadan oshmasligi lozim va 10 kun muddatda inspeksiyaning mas’ul xodimi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

 

Huquqbuzarlik 1-marotaba sodir etilgan bo‘lsa, huquqbuzarga suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi (qoidalari) takroran buzilishining oldini olishga qaratilgan tavsiyalar yuboriladi. Ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin 1 yil davomida huquqbuzarlik takroran sodir etilgan taqdirda, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan miqdorlarda jarima solishga sabab bo‘ladi.

 

Foto va videomateriallarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan BHMning 25 foizi miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

 

Rag‘batlantirish jarima undirilgan kundan boshlab 15 kun muddatda amalga oshiriladi.

 

O‘zbekistonda suv xo‘jaligi sohasida huquqbuzarlik holati haqida xabar berganlar rag‘batlantirish ko‘zda tutilayotgani haqida 2024-yilning iyulida ma’lum bo‘lgandi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//