O‘zbekistonda bolalar orasida Koksaki virusi avj olayotgani haqidagi xabarlar asossiz

Saqlash
12:51 / 11.06.2025 68 0

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda bolalar orasida Koksaki virusi avj olayotgani haqidagi haqida xabarlar tarqalmoqda. SSV bu xabarlar asossiz ekanini ma’lum qildi.

 

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovning bildirishicha, mazkur xastalikni keltirib chiqaradigan virusni dunyoning istalgan joyida uchratish mumkin. O‘zbekistonda ham vaqti-vaqti bilan qayd etiladi. Koksaki virusi uchun maxsus davolash protokollari mavjud va xastalik hech qanday asoratlarsiz to‘liq tuzalib ketadi.

 

“Hozirgacha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi qoshidagi hamda Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutining laboratoriyalarida Koksaki virusi aniqlangani yo‘q. Demak, yurtimizda mazkur kasalllik keng miqyosda tarqaldi, degan fikrga kelish uchun asos mavjud emas”, degan Nurmat Otabekov.

 

Virusning bunday nomlanishining sababi — ilk bor AQSHning Koksaki shahrida aniqlangan va u enteroviruslar oilasiga mansub. Uning 70 dan ortiq turi bo‘lib, asosan, A hamda V turlari uchraydi.

 

Kasallik ko‘pincha bolalarda uchraydi. Aniqrog‘i, unga moyil aholi qatlami 3-10 yoshdagi o‘g‘il-qizlar hisoblanadi. Kattalarning xastalanishi esa juda kam kuzatiladigan holatdir. Shuning uchun ham bolalarga xos klinik belgilarni kuzatish mumkin. Ya’ni kasallik tana haroratining keskin oshishi (39-40 darajagacha), bosh og‘rig‘i, uyqisizlik, holsizlik bilan boshlanib, 2-4 kundan keyin isitma asta-sekin pasaya boshlaydi. Shuningdek, oddiy shamollash belgilari, ichakdagi ba’zi bezovtaliklar, jumladan, ich ketishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish kabilar kuzatilishi mumkin.

 

Koksaki virusiga uchraganida bolalarning qo‘l va oyog‘ining old qismi hamda og‘zining shilliq qavatida turli toshmalar paydo bo‘ladi. Ba’zi hollarda yutinishning qiyinlashishi, kichik yarachalar paydo bo‘lgani uchun stomatitga xos tomoqda og‘riqlar kuzatiladi. Bu esa isitma ko‘tarilishi va ishtahaning pasayishiga olib keladi.

 

Ba’zan asosiy belgilarga qo‘shimcha ravishda bosh og‘rig‘i, limfa tugunlarning kattalashishi kabilar ham kuzatilishi mumkin.

 

Kasallik, asosan, yoz oylarida bolalar ochiq va umumiy cho‘milish suv havzalaridan foydalanganda va bemorlar bilan bevosita muloqot qilgan vaqtda yuqadi. Xastalikning yashirin davri 2-10 kungacha bo‘lib, ba’zi hollarda 2-5 kun davom etadi.

 

Nurmat Otabekov zinhor o‘zboshimchalik bilan bemorga bakteriya va virusga qarshi preparatlarni berish kerak emasligini, sababi Koksaki virusiga bu dori vositalari umuman ta’sir qilmasligini bildirib o‘tdi. Agar bolada klinik belgilar paydo bo‘lib, ular og‘irroq kechayotgan bo‘lsa, u holda tibbiyot xodimlariga murojaat qilish va spesifik davolash choralarini ko‘rish kerak.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//