Muxlislar uchun o‘yin: O‘zbekiston-Qatar uchrashuvi statistikasi

Saqlash
10:59 / 11.06.2025 245 0

10-iyun kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida Oʻzbekiston va Qatar milliy futbol jamoalari uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda yurtimiz vakillari 3:0 hisobida gʻalaba qozondi.

 

Oʻzbekiston bu zafardan oldinroq mundial yoʻllanmasini hal qilib qoʻygandi. 5-iyun kuni Birlashgan Arab Amirliklarida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-BAA oʻyinida 0:0 natijasi qayd etildi va bu oʻzbekistonliklarga jahon chempionati chiptasini naqd qilish uchun yetarli boʻldi.

 

Shunday boʻlsa-da, terma jamoamiz oxirgi oʻyinda ham oʻzini koʻrsatishi va muxlislarga ajoyib sovgʻa taqdim qilishi lozim edi. Ular buni uddaladi.

 

Hisobni asosiy tarkibda maydonga tushgan hujumkor yarim himoyachi Aziz Turgʻunboyev ochdi. 28-daqiqada u ikki raqibini aldab oʻtib, jarima maydonchasi ichiga kirib bordi va darvoza toʻsini ostimni nishonga oldi.

 

86-daqiqada esa jamoa sardori Eldor Shomurodov hisobni yiriklashtirdi. U Jamshid Iskanderovning uzatmasidan keyin jarima maydonchasi ichida toʻpni qabul qilib oldi va Qatar darvozasini zabt etdi.

 

90+1-daqiqada hujumchi Igor Sergeyev zaxiradan maydonga tushdi va toʻpga birinchi teginishidayoq gol urdi. Iskanderov ikkinchi assistni amalga oshirdi.

 

 

Ushbu uchrashuvda oʻzbekistonlik futbolchilar qanchalik ajoyib oʻyin koʻrsatganini quyidagi statistikadan ham bilish mumkin: Oʻzbekiston jamoasi aʼzolari raqib darvozasiga 19-marta zarba berdi va shundan 8 tasi darvoza sohasiga aniq bordi. Qatarliklar esa bor-yoʻgʻi bir marotaba zarba yoʻlladi va u ham noaniq boʻldi. Qolgan jabhalarda ham yurtdoshlarimiz mutlaq ustunlikka erishdi.

 

Qatarliklarga qarshi oʻyin uchun shou va terma jamoa futbolchilarini taqdirlash marosimi rejalashtirilgan edi. Uchrashuv oldidan futbol assotsiatsiyasi prezidenti Bahodir Qurbonov va sport vaziri Adham Ikromov jamoa mutaxassislariga medallarni topshirdi.

 

Uchrashuvni shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyev, Bolgariya Prezidenti Rumen Radev va Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumat rahbarlari stadiondan kuzatib bordi.

 

 

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 6-iyundagi farmoniga muvofiq, mustaqil Oʻzbekiston tarixida birinchi marta jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritgani, yosh avlodni sportga mehr va milliy gʻurur ruhida tarbiyalashga qoʻshgan hissasi uchun futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolari va murabbiylaridan bir guruhi mukofotlangandi. Oʻyindan keyin ushbu mukofotlarni topshirish marosimi boʻldi. Davlat rahbari sportchilar va ularning murabbiylariga faxriy unvon, orden va medallarni topshirdi. Shuningdek, terma jamoamiz aʼzolari va mutaxassislariga BYD avtomobillari sovgʻa qilindi.

 

Bayramdan soʻng Islom Toʻxtaxoʻjayev oʻz avtomobilini terma jamoa mundial yoʻllanmasiga erishishiga katta hissa qoʻshgan Bobir Abdixoliqovga sovgʻa qildi. Shuningdek, Oʻzbekiston jahon chempionatiga chiqishiga poydevor qoʻygan Srechko Katanes ham oʻz mashinasini tarjimon Davron Ahmedovga berdi.

 

2026-yilgi jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada boʻlib oʻtadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//