O‘zbekiston elchixonasi Moskvadagi holat yuzasidan Rossiyaga TIVga nota yubordi

Saqlash
08:50 / 11.06.2025 129 0

RF hududida ayrim holatlarda O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan qo‘pol muomalalar kuzatilmoqda. Tashqi ishlar vazirligi bunday xabarlar tashvish uyg‘otayotganini bildirib, Rossiyaning tegishli idoralarini hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqirdi.

 

10-iyun kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Rossiya tomoni bilan har oy migratsiya masalalari bo‘yicha o‘tkaziladigan navbatdagi uchrashuv tashkil etildi, deb yozadi TIV matbuot kotibi.

 

Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi hududida ayrim holatlarda O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan ruxsatsiz tekshiruvlar, hurmatsizlik va qo‘pol muomalalar kuzatilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar tashvish uyg‘otayotgani ta’kidlangan. Bunday holatlar ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga aslo to‘g‘ri kelmasligi, ularning oldini olish uchun aniq chora-tadbirlar zarurligiga e’tibor qaratilgan. 

 

«O‘zbekiston xorijda yashayotgan va vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishni o‘zining ustuvor vazifasi deb biladi», — deyiladi xabarda.

 

Qayd etilishicha, ushbu masala yuzasidan O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi tomonidan ham Rossiya tomoni bilan tegishli diplomatik kanallar orqali muloqot olib borilmoqda. O‘zbekiston tomoni barcha fuqarolarga nisbatan xalqaro huquq va inson huquqlariga rioya qilinishini ta’minlashga chaqiradi.

 

«Shu munosabat bilan, Rossiya Federatsiyasining tegishli idoralarini O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmaslikka chaqirib qolamiz.

 

Moskvadagi holat yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Elchixonamiz tomonidan nota yuborilib, Rossiya TIVdan ushbu holatga izoh berish hamda inson huquqlari yaqqol buzilganligi aks etganligi, bu esa qabul qilib bo‘lmas holatligi ta’kidlanib, kuch ishlatar tashkilot vakillarining harakatlariga huquqiy baho berish so‘ralgan», — deyiladi xabarda.

 

Qo‘shimcha qilinishicha, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu masalani o‘zining doimiy nazoratida ushlab turadi va kerakli hollarda qo‘shimcha choralar ko‘rishni davom ettiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//