
Siyosat
Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radevning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari boʻlib oʻtdi. Bu haqda Prezident axborot xizmati xabar berdi.
Unda Oʻzbekiston bilan Bolgariya oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi. Prezident Bolgariya yetakchisini samimiy qutlab, soʻnggi 17 yildagi birinchi sammit tarixiy ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Parlamentlar, iqtisodiyot va tashqi siyosat idoralari oʻrtasidagi hamkorlik faollashgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Gumanitar almashinuvlar amalga oshirilmoqda, Buxoro va Varna, Samarqand va Plovdiv oʻrtasida birodarlik aloqalari oʻrnatilgani taʼkidlandi.
Savdoni, eng avvalo, toʻqimachilik, oziq-ovqat, kimyo va farmatsevtika mahsulotlari, metall buyumlar va texnologik uskunalar yetkazib berishni kengaytirish orqali koʻpaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzaro savdoning oʻsishini ragʻbatlantirish maqsadida poytaxtlarda savdo uylari ochish, laboratoriyalarni akkreditatsiyadan oʻtkazish va imtiyozli kredit liniyalari ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Agrosanoat majmui va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, geologiya, sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar va IT, turizm sohalarida qoʻshma loyihalarni ilgari surish ustuvor yoʻnalish sifatida qayd etildi. Samarali yerusti va havo transport yoʻlaklarini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maʼnoda, tomonlar ikki davlat oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish imkoniyatini koʻrib chiqishga kelishib oldi.
Mehnat resurslari sohasida tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun Sofiya shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Migratsiya agentligining vakolatxonasini ochish masalasi koʻrib chiqiladi.
Gumanitar aloqalarni, shu jumladan akademik va ilmiy almashinuvlarni faollashtirish, joriy yilda Andijon shahrida yetakchi oliy taʼlim muassasalari rektorlarining uchrashuvini oʻtkazish tashabbuslari qoʻllab-quvvatlandi.
Shuningdek, kelgusi yilda Oʻzbekiston va Bolgariya madaniyati va kinosi haftaligini tashkil etishga kelishib olindi.
Erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan tizimli nazoratni taʼminlash maqsadida tomonlar qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish va Hukumatlararo komissiya hamraislari darajasini oshirish, uning ishiga hududlar va yirik kompaniyalar rahbarlarini jalb qilishga ahdlashdi.
Uchrashuv yakunida Prezident Rumen Radev Prezident Shavkat Mirziyoyevni oʻzi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan Bolgariyaga borishga taklif etdi.
Jahon
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q