Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston birgalikda chigirtkalarga qarshi kurashadi

Saqlash
09:42 / 10.06.2025 45 0

Yevropa va Oʻrtayer dengizi oʻsimliklarni himoya qilish tashkiloti (EPPO) ishchi guruhining 55-yigʻilishi doirasida Qozogʻiston nazorat qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchi Saken Qanibekov Oʻzbekiston va Qirgʻiziston fitosanitariya xizmatlari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazildi. Muloqotning asosiy mavzusi chigirtkalarga qarshi himoya choralari boʻldi, deya xabar beradi xalqaro axborot agentligi Kazinform.


 

Unda ishtirokchilar mamlakatlarda mavsumiy hasharotlarga qarshi kurashish boʻyicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha mavjud amaliyot bilan tanishtirilib, Locust.uz tizimi namoyish etildi. Bu chigirtka tuxum qoʻygan hududlar, kimyoviy tozalash ishlari olib borilgan hududlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qayd etuvchi elektron platforma boʻlib, vaziyatni toʻgʻri baholash imkonini beradi.

 

Tizim, shuningdek, transport vositalariga oʻrnatilgan GPS qurilmalari yordamida maxsus jihozlar harakatini kuzatib boradi. Bu vaziyatni oʻz vaqtida baholash va katta maydonlarda chigirtka tarqalishining oldini olish imkonini beradi.

 

Muzokaralar yakuni boʻyicha tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqaro fitosanitariya standartlarini joriy etish va axborot almashinuvini rivojlantirishga kelishib oldi.

 

Tomonlar chegara hududlarida chigirtkalarga qarshi kurashish, fitosanitariya holati, oʻrganish natijalari, zararli organizmlarning tarqalishi va koʻrilgan choralar toʻgʻrisida tezkor maʼlumotlar almashinuvini taʼminlash boʻyicha hamkorlikka alohida eʼtibor qaratadi. Shuningdek, fitosanitariya sertifikatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni samarali va muntazam almashish uchun axborot tizimlarini birlashtirish koʻzda tutilgan.

 

Qozogʻiston Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Yermek Kenjexanuli Jibek Joly telekanalida maʼlum qilishicha, Qozogʻistonda 2 million gektargacha maydon chigirtka xavfi ostida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//