Moʻgʻuliston bosh vaziri oʻgʻlining dabdabali hayoti aks etgan suratlar sabab isteʼfoga chiqarildi

Saqlash
16:53 / 05.06.2025 154 0

Moʻgʻulistonda bosh vazir oʻgʻlining dabdabali hayoti aks etgan suratlar ortidan noroziliklar yuzaga kelib, Luvsannamsrayna Oyuun-Erdene isteʼfoga chiqarildi. Korrupsiya boʻlsa mojaroning faqat bir qismi, deya xabar beradi Meduza nashri.

 

Hukumatga ishonch boʻyicha ovoz berish natijasiga koʻra, hukumat rahbari 44 ta ovoz olgan. Parlamentda jami deputatlar 126 nafarni tashkil etishi inobatga olinsa, vazir lavozimini saqlab qolishi uchun unga kamida 64 ta ovoz kerak boʻlgan.

 

Bosh vazirning hokimiyatdan chetlatilishiga sabab — uning 23 yoshli oʻgʻli Temuulen hamda boʻlajak kelini Uguumur boʻlgan. May oyining oʻrtalarida Uguumurning Instagram sahifasidan u qiymati 5 ming dollardan yuqori boʻlgan kostyumda, 50 ming dollarli avtomobil boshqaruvidagi suratlari tarqaldi. Bundan tashqari, suratda Uguumur 5 ming dollarlik sumka, qimmatbaho doʻkonlardan xarid qilingan paketlar, hashamatli uzuk va vertolyotda sayr qilayotgan holatlarda tasvirlangan. Hozir bu suratlar oʻchirilgan.

 

Mamlakatda narxlar oshib borayotgan bir paytda Uguumurning bunday suratlari jamoatchilikda keskin norozilik uygʻotdi va bu poytaxt Ulan-Bator markazidagi Suxe-Bator maydonida, Hukumat saroyi oldida namoyishlarga sabab boʻldi. Aksiya ishtirokchilari “Isteʼfo — bu oddiy narsa” degan shior bilan namoyishga chiqqan. Nashr qayd etishicha, Temuulenning rasmiy daromad manbai yoʻq. Namoyishchilar uning hashamatli xaridlarini bosh vazir Oyuun-Erdene moliyalashtirgan, deb hisoblaydi. Bu esa nafaqat bosh vazirning “xalqdan chiqqan odam” degan imidjiga zid, balki noqonuniy boylik orttirish boʻyicha shubhalarni ham kuchaytiradi.

 

 

Oyuun-Erdene unchalik boy boʻlmagan oiladan chiqqan, butun faoliyati davlat xizmatlari va partiya ishlari bilan bogʻliq. Bosh vazirlik maoshi esa oʻgʻli va boʻlajak kelini internetda koʻrsatgan hayot tarzini yuritishga yetmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//