UzAuto Motors mijozlar uchun onlayn to‘lovni yo‘lga qo‘ydi

Saqlash
17:46 / 04.06.2025 103 0

UzAuto Motors Chevrolet brendi avtomobillarini onlayn xarid qilish imkonini beruvchi UzAutoSavdo platformasining yangilangan versiyasini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

 

Tizim funksionalligini yaxshilash hamda saytning shaffof va xavfsiz ishlashini ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan yangilanishlar doirasida foydalanuvchilar uchun tushunarli hamda intuitiv interfeys yaratildi.

 

Endilikda ro‘yxatdan o‘tish va tizimga kirish jarayonlari soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Platforma dizayni barcha qurilmalarga moslashadi, unda yaxshilangan vizualizatsiyasi, mavjud avtomobillar katalogining kengaytirilgan shakli keltirilgan. Shuningdek, navigatsiya tizimi takomillashtirilib, axborot tuzilmasi yaxshilandi.

 

Platformadagi asosiy o‘zgarishlardan biri shartnomani to‘liq masofadan turib rasmiylashtirish imkoniyatining yaratilgani bo‘ldi. Endi mijozlar avtomobil tanlash, shartnoma olish va to‘lovni amalga oshirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni onlayn tarzda amalga oshirishlari mumkin. Dilerlik markaziga faqat avtomobilni qabul qilib olish uchun borish kerak bo‘ladi.

 

“Avval UzAutoSavdo platformasi orqali avtomobillar uchun onlayn to‘lov funksiyasi mavjud emas edi. Ushbu opsiya mijozlarimiz uchun yangi imkoniyatdir. Xaridorlarga qulaylik yaratish maqsadida dilerlik markaziga tashrif buyurish orqali shartnoma to‘lovini amalga oshirish imkoniyati saqlanib qolmoqda”, deya izoh berdi UzAuto Motors matbuot xizmati.

 

Hozirda sayt test rejimida ishlamoqda. Tez orada platformada test-drayvga yozilish va avtomobilga texnik xizmat ko‘rsatish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish funksiyalari qo‘shilishi reja qilinmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//