Tadqiqot: Aholi piyoda yo‘laklarini xavfsiz emas deb hisoblaydi

Saqlash
14:29 / 04.06.2025 101 0

“Yuksalish” harakati tomonidan aholi o‘rtasida avtomobil yo‘llarida transport vositalari va piyodalarning xavfsiz harakatini ta’minlash, avtomobil yo‘llari va ichki yo‘llar holati bo‘yicha ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi.

 

So‘rovda jami 2743 nafar respondent qatnashib, ularning 46,36 foizi qishloqda yashovchilar va 44,94 foizini shahar aholisi tashkil etdi.

 

So‘rov ishtirokchilarining 39,24 foizi o‘zi yashaydigan hududdagi avtomobil yo‘llari piyodalar uchun xavfsiz emasligini qayd etgan.

 

38,98 foiz respondent “o‘rtacha” va 21 foiz “xavfsiz” deb baholagan.

 

“Aholi punktlaridagi avtomobil yo‘llarining piyodalar kesib o‘tish joylarida xavfsizlik ta’minlanganmi?” degan savolga 40,99 foiz respondent “ha” deb javob bergan bolsa, 30,87 foiz xavfsizlik ta’minlanmaganini qayd etgan.

 

Xavfsizlik “yetarlicha emas” degan javob 27,07 foiz respondent tomonidan belgilangan.

 

Bu raqamlar aholi punktidagi piyodalar xavfsizligi bilan bog‘liq infratuzilmada kamchiliklar borligini ko‘rsatmoqda.

 

 

Yo‘llarni yaxshilash va xavfsizlikni ta’minlash uchun, asosan, yo‘llarni kengaytirish, sifatli ta’mirlash ishlarini amalga oshirish hamda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha takliflar bildrilgan.

 

So‘rov natijalari O‘zbekistondagi avtomobil yo‘llarining umumiy holati va piyodalar xavfsizligi borasida aholi o‘rtasida jiddiy tashvish mavjudligini tasdiqladi.

 

Ayniqsa, yo‘llar holatiga nisbatan bildirilgan salbiy fikrlar, piyodalar uchun xavfsizlik darajasining pastligi, piyodalar yo‘laklari va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay infratuzilmaning yetarli emasligi bu sohadagi tizimli muammolarni ochiq-oydin namoyon qilmoqda.

 

Mavjud infratuzilmaviy kamchiliklar faqat transport harakatining samaradorligiga emas, balki aholi, xususan, bolalar hayoti va salomatligiga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf tug‘dirayotganini alohida ta’kidlash lozim.

 

Bugungi kunda odam o‘limi bilan yakunlanayotgan yo‘l-transport hodisalari sonining ortishi yo‘llarda aholi xavfsizligini ta’minlashda ilg‘or yondashuvlar va tizimli islohotlarni amalga oshirish zarurligini anglatadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//