Xorazmda bosilgan ilk qog‘oz pul namoyish qilindi

Saqlash
09:54 / 04.06.2025 164 0

Islom sivilizatsiyasi markazi Xorazmda bosilgan ilk qog‘oz pul haqida ma’lumot berdi.

 

Xabarga ko‘ra, bu 5000 manat nominalidagi ipak bona 1920-yilda Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tomonidan nashr etilgan.

 

U bugungi kunda Tatariston Respublikasi Milliy muzeyi to‘plamida saqlanadi.

 

Kupyurada quyidagigicha yozuv bor:

“Ushbu kog‘az tanga hukumatning pul belgisi ilan ta’min etilgandur. Xorazm Sho‘rolar jumhuriyatining kog‘az tangasi. Ushbu tangani soxta qilg‘on kishi inqilob mahkamasig‘a topshirulur”.

 

Mazkur bona 1982-yilda G.M. Dobrosmislov kolleksiyasi orqali muzey to‘plamiga kelib tushgan.

 

Ta’kidlanishicha, ushbu to‘plam orqali Xiva va Xorazmdan kelib chiqqan qog‘oz va ipak pullar muzeyga qo‘shilgan. Bu pullar nafaqat ayirboshlash vositasi, balki 1918–1922-yillardagi O‘rta Osiyodagi siyosiy voqealar, iqtisodiy jarayonlar va ma’naviy hayot haqida hujjatli manba sifatida katta ahamiyatga ega.

 

 

Yuqorida ma’lumot berilgan bona ipak matoda tayyorlangan bo‘lib, uning o‘lchami – 102 × 148 mm. Unda sirqiroq, osmonrang va ko‘k rangdagi ipaklardan foydalanilgan.

 

Matn va tasvirlar esa qizil, yashil, ko‘k va qora bo‘yoqlarda chop etilgan.

 

Ushbu bonaning yana bir o‘ziga xos jihati — undagi yozuvlar kalligrafik uslubda bo‘lganidir.

 

 

Undagi nominal va chiqarilgan sana kabi ma’lumotlar o‘zbek tilida (arab va kirill alifbosida), hamda rus tilida nozik va turfa shriftlarda bitilgan. Ular maxsus ornamental chordoq va kartushlar ichida joylashtirilgan bo‘lib, musulmon bezak san’atiga xos uslub va elementlar bilan boyitilgan. Tasvirlarda me’moriy inshootlar, ya’ni madrasa va masjidlar kabi islom arxitekturasining turli shakllari aks etgan.

 

“1920–1921-yillarda Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tomonidan chiqarilgan bunday ipak banknotlar nafaqat iqtisodiy aylanma vositasi, balki xalqning ma’naviy yuzi, san’ati va milliy o‘zligini namoyon etuvchi madaniy hujjat bo‘lib xizmat qilgan”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//