Borsakelmasda "Yonar" xalqaro san’at festivali o‘tkaziladi

Saqlash
15:16 / 03.06.2025 130 0

2025-yil 11-13-sentyabr kunlari Nukus shahridan 200 km uzoqlikda joylashgan Borsakelmas sho‘rxokligida noyob "YONAR" tadbiri bo‘lib o‘tadi. Bu haqda turizm qo‘mitasi ma'lum qildi.

 

Qayd etilishicha, festival Turizm qo‘mitasi va "Stixiya" elektron musiqa, san’at va fan festivali bilan hamkorlikda o‘tkaziladi.

 

Tadbir turizmni rivojlantirishda navbatdagi qadam bo‘lib, nafaqat butun dunyo sayyohlari va ijodkorlarining e’tiborini jalb etadi, balki mintaqaning jadal rivojlanayotgan madaniyat va innovatsiyalar markazi sifatidagi imidjini mustahkamlaydi, iqtisodiy o‘sish va barqaror taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

 

Axborot matnida qayd etilishicha, "YONAR" shunchaki ijodiy va san’at instalyatsiyalari ko‘rgazmasi emas, balki mintaqaning madaniy boyligini namoyon etadigan va xalqaro hamjamiyat e’tiborini jalb qiladigan innovatsion sayyohlik loyihasi bo‘ladi. Festival g‘oyasi mashhur "Burning Man"ga o‘xshash bo‘lib, ijodiy turizmni rivojlantirish va butun dunyodan rassom, musiqachi hamda ijodiy jamoalarni jalb etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. 

 

Ta'kidlanishicha, birinchi "YONAR" doirasida kamida beshta yirik instalyatsiya barpo etish mo‘ljallangan. Ishtirokchilar an’anaviy o‘tov yoki chodirlarda yashaydi, elektr ta’minoti esa generatorlar yordamida amalga oshiriladi. Festivalda savdo-sotiq mutlaqo yo‘q: yashash va ijod qilish uchun barcha zarur sharoitlar jamiyatning o‘zi tomonidan yaratiladi va baham ko‘riladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//