Professor yoshlar ijtimoiylashuviga xalal beradigan omillarni sanadi

Saqlash
13:52 / 03.06.2025 194 0

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan “Ijtimoiy faollikka tayangan taraqqiyotga erishishning ma’naviy asoslari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. 

 

 

Mazkur ilmiy-amaliy anjuman ijtimoiy faollik va umumjamiyat manfaatlari uyg‘unligi masalalari, jamiyat taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish texnologiyalari, ijtimoiy faol fuqaroni tarbiyalashning metodik asoslari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ijtimoiy faoliyatga ta’siri, ma’naviy ideallar va ijtimoiy faollik masalalari kabi ilmiy muammolar tahliliga bag‘ishlandi. 

 

 

Konferensiya sho‘balari ushbu ilmiy muammolarga aloqador besh yo‘nalishda tanlangan. Anjumanda professor-o‘qituvchilar va amaliyotchi mutaxassislar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, doktorantlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi. 

 

 

Konferensiyada tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulov quyidagi mulohazalarini bildirib o‘tdi:

 

– Hayotimizga turli yangiliklar kirib kelmoqda. Bu islohotlarni yanada kuchaytirishimiz uchun jamiyat ijtimoiylashishi kerak. Ijtimoiylashishga xalaqit qiladigan ayrim unsurlar bor. Shulardan biri – jamiyat a’zosi ekanimiz esimizdan chiqib qolishi. Bu juda muhim masala. Agar shaxs ijtimoiylashmaydigan bo‘lsa unda jamiyatdan asta sekin begonalashuv jarayoni kuchayib boradi. Buning natijasida jamiyatning ijtmoiylashishdan iborat jarayoniga xalaqit qiladi. Ijtimoiylashmagan jamiyatda jamoaviylik ruhiyati o‘rniga individualistik qarashlar, qo‘pollik, dag‘allik, agressivlik sifatlari kuchayib boradi.

Yoshlarni ijtimoiylashuviga xalal beradigan narsalar – 3 ta. Birinchisi, ayrim yoshlar tafakkuridagi hafsalasizlik, ikkinchisi, ma’naviy hayotimizdagi mudroqlik, uchinchisi, shaxsiy hayotning jamiyat ijtimoiy mo‘ljallariga uyg‘unlashtirishdagi no‘noqlik. Bu holatlar quydagilarga olib keladi. 1. Nosog‘lom ma’naviy ehtiyoj. 2.  Hayotga yengil munosabatda bo‘lish. 3. Iste’molchilik kayfiyati. 4. Olomon shaxs sifatlarining paydo bo‘lishi.

 

 

Anjumanda so‘zga chiqqan ma’ruzachilar tomonidan qo‘yilgan muammolar va  taklif etilgan yechimlar, ijtimoiy-ma’naviy muhit va targ‘ibot texnologiyalari bo‘yicha tajriba almashinuvlar, nazariy xulosalar bilan amaliyotni uyg‘unlashtirish bo‘yicha takliflar mamlakatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada yaxshilashga, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va ijtimoiy faollikni oshirishga qaratilgan. 

 

 

Anjumanning munozaralar qismi qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//