Oʻzbekistonda Oʻrmon xoʻjaligini raqamlashtirish markazi tashkil etiladi

Saqlash
09:43 / 03.06.2025 92 0

Oʻzbekistonda Oʻrmon xoʻjaligini raqamlashtirish markazi tashkil etiladi. Bu haqda Huquqiy axborot telegram kanali 30-may kuni qabul qilingan Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga (PQ-197-son, 30.05.2025-y.) tayanib xabar berdi.

 

Qarorda oʻrmon fondi resurslaridan samarali foydalanishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilangan:

 

- 2030-yilgacha 1,5 million gektarda oʻrmonlar barpo etish, ularni qayta tiklash hamda 3,8 ming gektar oʻrmon fondi yerlarida dorivor va oziq-ovqatbop hamda ziravor oʻsimliklar plantatsiyalarini tashkil etish;

- 2030-yilgacha 9,2 ming tonna daraxt va butalar urugʻlarini tayyorlash hamda 919 million dona nihol va koʻchatlarni yetishtirish;

-2025–2026-yillarda togʻ va togʻoldi hududlardagi 500 gektarda “terrasa” usulida daraxt va buta koʻchatlari ekish.

 

Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi “Oʻrmontexnoservis” davlat unitar korxonasi negizida “Oʻrmon xoʻjaligini raqamlashtirish markazi” davlat muassasasi tashkil etiladi.

 

Markaz quyidagilarni nazarda tutuvchi “Aqlli oʻrmon xoʻjaligi” (Smart forestry) axborot platformasining yagona operatori hisoblanadi:

- oʻrmon resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, ularning holatini real vaqt rejimida monitoring qilish;

- oʻrmon xoʻjaligi sohasi faoliyati zamonaviy texnologiyalar, sunʼiy intellekt va integratsiyalashgan axborot tizimlari orqali samarali boshqarilishi taʼminlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//