
Jamiyat
Ijtimoiy tarmoqlarda davlat raqami 01 774 OLA bo‘lgan Lixian L9 avtomashinasining tez yordam mashinasiga yo‘l bermagani tasvirlangan video tarqaldi. Unda tez yordam haydovchilari sirena va ovoz kuchaytirgich bilan bir necha bor Lixian L9 haydovchisini ogohlantirganini ko‘rish mumkin. Biroq, shunday bo‘lsa-da, oldindagi mashina ogohlantirishga bee’tibor bo‘lgan va tez yordam mashinasiga yo‘l bermagan.
Xabarga ko‘ra, YPX xodimlari tomonidan Toshkentda ushbu haydovchiga nisbatan MjtKning 128-moddasi 5-bandi bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Ma’lumot uchun, mazkur bandda tezkor va maxsus xizmatlarning ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqchani yog‘gan holda hamda maxsus tovushli signal bilan yaqinlashib kelayotgan transport vositalari to‘siqsiz o‘tib ketishi uchun transport vositalari haydovchilari tomonidan xalaqit berish nazarda tutilgan.
Bunday qoidabuzarlik uchun esa BHMning 5 baravari miqdorida – 1 mln 875 ming so‘m jarima jazo tayinlanishi belgilangan.
Ma’muriy javobgarlikka tortilgan haydovchi “e’tiborsizlik qilib qo‘ygani, yo‘l so‘ralganini ko‘rmay qolganini” aytib, uzr so‘ragan.
Ta’kidlanishicha, olingan video tasvirda tez yordam mashinasi o‘ng tomondan o‘tishga uringanda ham haydovchi unga yo‘l bermaganini ko‘rish mumkin. Keyinroq esa yon chiroqlarini yog‘gan holda chetga o‘tgan.
“Har kimning boshida bor bu. Haydovchilardan iltimos qilgan bo‘lardik, sirena bilan kelayotgan maxsus avtomashinalarga iloji boricha yo‘l berishsin”, – deydi tez tibbiy yordam mashinasi haydovchisi.
Bu holat ijtimoiy tarmoq faollarining e’tiborini tortdi.
Jumladan, huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev haydovchiga berilgan jazoni “maynavozchilik” deb atagan.
“Jarima miqdori — 1 mln 875 ming so‘m. Agar 15 kun ichida to‘lasa, 50% chegirma ham beramiz, natijada 937 ming so‘m to‘laydi xolos.
Bu o‘ta kulgili! Bir yoki bir necha inson hayotiga zomin bo‘lishi mumkin bo‘lgan bunaqa qo‘pol qoidabuzarlik uchun bunaqa yengil jazo berish sharmandalik.
Sharmandalikning yana bir tomoni shundaki, ruxsatsiz tonirovka qilgan haydovchiga dastlab 9 mln 375 ming so‘m, agar yana takrorlansa 15 mln so‘m jarima belgilaganmiz. Nima uchunligini bilasizmi? Chunki tonirovkadan tushadigan pulning asosiy qismi Ichki ishlar vazirligiga tushadi.
Maxsus transport vositalariga yo‘l bermaganlarga esa takroriylik uchun og‘irroq jazo ham yo‘q. Ya’ni har kuni shu ishni qayta-qayta qilaversangiz ham, bir xil 900 ming so‘m jarima to‘lab, qutilib ketaverasiz.
Yoki bugundan ishga tushgan jarima ballari tizimini olaylik. Maxsus xizmat mashinalariga yo‘l bermaganlik uchun atigi 0,5 (yarim) jarima bali beriladi. Ruxsatsiz tonirovka uchun dastlab 0,5 ball, takrorlansa 1 ball beriladi.
Bunaqa jazo tizimini o‘ylab topganlarga inson hayoti uncha muhim emas, hisobiga tushadigan pul muhimroq, shekilli. Inson qadri? Nima u? Puldan gapiringlar yaxshisi”, deb yozadi Xudoyberdiyev o‘z sahifasida.
Bloger, shuningdek, qonunchilik tashabbusiga ega mas’ullardan jazo tizimini insonparvarlik nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqishni iltimos qilgan.
Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev esa qoidabuzarlik uchun jazo muqarrar bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Madaniyat
Ilm-fan
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q