Buxoro, Andijon va Farg‘ona: O‘zbekiston bo‘ylab “Ma’rifat karvoni” tadbirlari boshlandi

Saqlash
12:12 / 30.05.2025 158 0

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi,  “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamda boshqa qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Tamaddun, madaniyat va maʼrifat” mavzusida “Maʼrifat karvoni” ilmiy-ma’rifiy va madaniy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

 


2025-yilning may-iyun oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan tadbirlar doirasida bir qancha loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.



Jumladan, “Sivilizatsiyalar – Shaxslar – Kashfiyotlar”, “Tirik tarix” , “Farovon hayot sari ilk qadam”, “Olimlar va yoshlar uchrashuvi”, “Ijtimoiy g‘oyalar forumi”, “Inson qadri” kabi o‘nlab ilmiy forumlar o‘tkaziladi.

 

“Maʼrifat karvoni” ning dastlabki manzili Buxoro, Andijon hamda Farg‘ona viloyatlari bo‘ldi. 

 


Dastlab, Buxoro davlat texnika universitetida “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” mavzusida ilmiy-ma’rifiy forum, Qorakoʻl tumanida “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari – taniqli san’atkorlar bilan uchrashuvlar, viloyatdagi tibbiyot universitetiti binosida “Farovon hayot sari ilk qadam” loyihasi, “Tirik tarix” loyihasi doirasida milliy filmlar namoyishi, shuningdek, turli seminar-treninglar ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi.



Andijon shahri Bobur nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining mega-loyihalariga bag‘ishlangan seminar-trening, Jalaquduq tumani “Beshtol”  MFY dagi qizil toifaga kiritilgan mahallalardagi kambag‘al oilalar vakillari uchun “Farovon hayotga ilk qadam”  loyihasi doirasidagi tadbirlar ham shular jumlasidandir. 

 


Bundan tashqari, “Ma’rifat karvoni” tadbirlari doirasida bir qator madaniy dasturlar, olimlar, taniqli san’atkor va shoirlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. 

 


Bu kabi tadbirlar ilm-fan, ma’naviyat va madaniyat sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan aholini boxabar qilish, yoshlarning ma’naviy bilimlarini boyitish, shuningdek, aholi orasida ijtimoiy faollik ko‘nikmalarini yanada kuchaytirishga qaratilgan.

 

Olim, professor va ziyolilardan iborat “Ma’rifat karvoni” Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyati tomon yo‘l oldi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//