Saida Mirziyoyeva Rossiya PA vakillari bilan uchrashdi

Saqlash
11:56 / 29.05.2025 107 0

O‘zbekiston prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva 28-may kuni Rossiya tomonining taklifiga binoan Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Anton Vayno bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

 

 

“Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni muvofiqlashtirish va amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Kelishuvlar ijrosini monitoring qilish bo‘yicha yaratilayotgan mexanizm davlatlarimiz rahbarlari tomonidan qo‘yilgan vazifalarni hal etish borasida Prezident Administratsiyalari o‘rtasida hamkorlikning samarali vositasiga aylanishiga ishonch bildirildi”, deb yozdi Mirziyoyeva.

 

Shuningdek, o‘sha kunning o‘zida Saida Mirziyoyeva Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko bilan ham muloqot qildi.

 

 

Suhbat davomida O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining asosiy yo‘nalishlari muhokama qilingan. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchiligimizning mustahkam poydevori ekanligi alohida ta’kidlangan.

 

Xabarda yozishicha, yoshlar va kadrlar siyosati masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, bu sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rahbarlarning yangi avlodini tarbiyalash bo‘yicha tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan tomonlar manfaatdor ekani ta’kidlangan.

 

Keyingi uchrashuv Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Aleksey Gromov bilan bo‘ldi.

 

 

Unda asosiy e’tibor axborot sohasidagi hamkorlik masalalariga qaratilgan. Jumladan, raqamli makonni tartibga solish, feyklarga qarshi kurashish, mas’uliyatli jurnalistika standartlarini ilgari surish, shuningdek, kiberxavfsizlik sohasidagi qo‘shma qadamlar haqida suhbatlashilgan.

 

Bundan tashqari, mehnat migratsiyasi va madaniy diplomatiyani yoritish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.

 

“Axborot kun tartibida ushbu masalalarga vazmin yondashuv muhimligi, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya xalqlari o‘rtasida o‘zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlash vositasi sifatida qo‘shma gumanitar tashabbuslarni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi”, deydi Mirziyoyeva.

 

29-may kuni esa O‘zbekiston prezidentining yordamchisi Rossiya Federatsiyasi Prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiy bilan uchrashdi. Muloqotda ikki davlat munosabatlarining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilingan.

 

 

“Madaniyat, ta’lim va tarixiy merosni saqlash sohalaridagi qo‘shma tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi. “Yangi Quddus” muzeyida o‘zbek san’ati ko‘rgazmasining ochilishi va O‘zbekistonda Rossiya madaniyati kunlarining o‘tkazilishi xalqlarimiz o‘rtasidagi yuqori darajadagi ishonch va o‘zaro qiziqishning yorqin namunasidir”, deb yozdi Mirziyoyeva uchrashuv haqida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//