Endi maktablar ham “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi

Saqlash
11:14 / 29.05.2025 83 0

“O‘quvchilar davomatini yuritish, ta’limga jalb qilish ishlarini nazorat qilish va umumiy o‘rta ta’lim maktablarini huquqbuzarlik holatidan kelib chiqib toifalash to‘g‘risida” qo‘shma qaror qabul qilindi.

 

Hujjat 4 ta davlar idorasi – Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi hamda Mahallar uyushmasi rahbarlari tomonidan imzolangan.

 

Qaror bilan tasdiqlangan nizom umumiy o‘rta ta’lim maktablarida davomatni yuritish, o‘quvchilarning dars mashg‘ulotlariga muntazam qatnashishini nazorat qilish, maktablarni huquqbuzarlik holatidan kelib chiqqan holda, “qizil”, “sariq”, “yashil” toifaga ajratish mezonlari va tartibini belgilaydi.

 

Shuningdek, maktablar 3 toifaga bo‘linadi:

▪️ “yashil” – hisobot davrida maktab o‘quvchilar tomonidan jinoyat sodir etilmagan maktablar uchun;

 

▪️ “sariq” – hisobot davrida maktab o‘quvchilar tomonidan bittadan ko‘p, uchtadan ortiq bo‘lmagan jinoyat sodir etilgan maktablar uchun;

 

▪️ “qizil” – hisobot davrida maktab o‘quvchilar tomonidan uchtadan ortiq jinoyat sodir etilgan maktablar uchun.

 

Bunda “yashil”, “sariq”, “qizil” toifadagi maktablarning ro‘yxatlari ichki ishlar organlari viloyat, tuman-shahar voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha boshqarma va bo‘linmalari tomonidan yuritiladi.

 

Bundan tashqari, nizomda “o‘smir” tadbiri tushunchasiga ham izoh berilgan bo‘lib, u tarbiyasi og‘ir bo‘lgan maktab o‘quvchilari yonida olib yurishi taqiqlangan buyumlar (o‘tkir tig‘li jismlar, qimor o‘yinlari, tamaki, psixotrop, narkotik vositalari va boshqa), shuningdek, noqonuniy avtotransport vositalarini boshqarish holatlarini aniqlash va chora ko‘rishni anglatadi.

 

Ta’kidlanishicha, endi maktablarda o‘quvchilar davomati o‘zaro hamkorlikda nazorat qilinadi. Ya’ni, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Mahallalar uyushmasi “maktab-mahalla-oila” tamoyili asosida o‘quvchilarni majburiy umumiy o‘rta ta’limga jalb etish va davomatni yaxshilashda o‘zaro hamkorlik qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//