Iyun oyida O‘zbekistonni qanday ob-havo kutmoqda?

Saqlash
11:52 / 27.05.2025 166 0

O‘zgidromet bergan xabarga ko‘ra, bu yil yoz quruq va biroz issiq ob-havo bilan boshlanadi. 1–7-iyun kunlari respublika bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Havo harorati asta-sekin +35– +38 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +40 darajagacha ko‘tariladi.

 

Keyinchalik oy oxirigacha harorat +33– +38 darajadan +25– +30 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda. Respublikaning shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida eng issiq kunlarda harorat +39– +41 darajagacha bo‘ladi.

 

Birinchi o‘n kunlik oxirida, ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda ayrim kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.

 

Ta’kidlanishicha, bu yil issiq kunlar aprel oyida ham kuzatilganligi sababli, “Ushbu yilning yoz fasli qanday bo‘ladi?” degan savol ko‘pchilikni qiziqtirib kelmoqda. O‘zgidromet bu savolga javob berish juda murakkabligini bildirdi.

 

“Sayyoramizda sodir bo‘layotgan global isish haqiqatan ham yozning juda issiq bo‘lish xavfini oshiradigan omillardan biridir.

 

Shu bilan birga, global isish yillararo yuqori o‘zgaruvchanlik fonida sodir bo‘lmoqda. Bu har bir keyingi yoz fasli avvalgisiga qaraganda iliqroq bo‘ladi degani emas”, deyiladi xabarda.

 

Bundan tashqari, okeanlardan uzatiladigan issiqlik ham havo haroratining oshishiga sabab bo‘ladi. Biroq, bu issiqlik butun dunyo bo‘ylab qanday taqsimlanishini aytib bo‘lmaydi.

 

“O‘zbekistonda yoz asosan quruq va issiq bo‘ladi – bu bizning O‘rta Osiyo iqlimimizning o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir. Bundan tashqari, so‘nggi 50 yil ichida yoz fasllarida o‘rtacha harorat ko‘tarilishining barqaror tendensiyasi kuzatilib kelinmoqda”, deyiladi xabarda.

 

O‘zgidrometning jahon prognozlash markazlari hisob-kitoblariga asoslangan dastlabki bahosiga ko‘ra, bu yilgi yoz faslining o‘rtacha harorati me’yordan biroz yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

 

Ma’lum qilinishicha, yozgi mavsum davomida ekstremal qiymatlarga yaqin bo‘lgan havo harorati bilan juda issiq ob-havo davrlari ham qayd etiladi. Ammo yoz uchun nisbatan qulay harorat fonida issiqning pasayish davrlari ham kuzatiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//