Ish vaqtidan tashqari ishlaganlarga 1,5 baravar haq to‘lash taklif qilindi

Saqlash
10:58 / 27.05.2025 162 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash va uning davomiyligini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.

 

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligini yiliga 120 soatdan oshirish mumkin emasligi hamda ish vaqtidan tashqari ish uchun xodimga kamida 2 hissa miqdorida haq to‘lash belgilanganligi ushbu mexanizmning ish beruvchilar o‘rtasida keng ommalashmaganiga sabab bo‘lmoqda.

 

Mazkur qonun loyihasi bilan esa O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash va uning davomiyligini soddalashtirishga doir o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

 

Xususan, ish vaqtidan tashqari ishga xodimni jalb etish yiliga 120 soatdan oshmasligi kerakligi haqidagi norma Mehnat kodeksidan chiqarib yuborilmoqda. Shuningdek, ish vaqtidan tashqari ishning bir kunda dastlabki ikki soati uchun kamida bir yarim hissa miqdorida, ikki soatdan ortiq qismi uchun esa kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi belgilanmoqda.

 

“Bunda mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan ishlarda ish vaqtidan tashqari ishga jalb etilganda har bir soati uchun kamida ikki hissa miqdorda haq to‘lanish nazarda tutilmoqda”, deyiladi xabarda.

 

Muhokama so‘ngida qonun loyihasi yuzasidan fraksiya a’zolari tomonidan tavsiyalar bildirilib, loyiha qo‘llab-quvvatlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//