Qashqadaryodagi maktabni 1 nafar o‘quvchi bitirdi

Saqlash
16:01 / 26.05.2025 714 0

Foto: O‘zA

 

Kitob tumanidagi “Aspiduxtar” qishlog‘ida joylashgan 60-maktabning filialida atigi 15 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Shulardan bir nafari bu yil 11-sinfni tamomlagan Muslima Toshtemirovadir.

 

Uning sinfdoshlari yo‘q va u ta’lim maskanining joriy yildagi yagona bitiruvchisi hisoblanadi.

 

Xabarga ko‘ra, uni o‘qitish uchun har kuni 3-4 nafar o‘qituvchi, haftalik jadvalga muvofiq jami 14 nafar pedagog 7 kilometr masofadan qatnab dars o‘tib kelgan. Lekin bu 7 kilometr oddiy masofa emas, bu – tog‘li, qattiq yog‘inlardan keyin yurish deyarli imkonsiz bo‘lib qoladigan yo‘l.

 

“Har kuni ustozlar turli yo‘nalishlardan qatnab, u uchun dars o‘tadi. Bir qarashda mo‘jizaga o‘xshaydi. Lekin bu fidoyilikdir. Bu kasbga sadoqatdir”, deyiladi xabarda.

 

Ta’kidlanishicha, o‘quvchilarga saboq berib kelayotgan o‘qituvchilardan biri Sattor Habibov qish kunlarida tog‘ yo‘lidan “Niva” avtomobilida maktabda qatnagan va o‘z vazifasini ado qilgan.

 

“Bugun 5 soat dars o‘taman. Har kuni uch-to‘rt nafar hamkasblarim bilan navbatma-navbat kelamiz. Qor bo‘lsa, bir kun avval kelib tunab qolamiz. Bir o‘quvchi bo‘lsa ham – u kelajak”, degan o‘qituvchi.

 

“Qishlog‘imizda shifokor yo‘q. Men yaxshi o‘qib, shifokor bo‘lmoqchiman. Shu yerga qaytib, odamlarga yordam berishni orzu qilaman”, – deya o‘zini maqsadini aytgan bitiruvchi.

 

24-may kuni bo‘lib o‘tgan “So‘ngi qo‘ng‘iroq” tadbirida ustozlar, ota-onalar va qishloq ahli bu yilning yagona bitiruvchisi Muslima Toshtemirovani qutlagan.

 

“Yaponiyaning Xokkaydo orolida 2016 yili bitta o‘quvchi qiz uchun poyezd qatnovi tashkil etilgani butun dunyoda ilhom manbaiga aylangan edi. Agar Yaponiyada bitta o‘quvchi uchun poyezd yurgan bo‘lsa, bizning tog‘li qishloqda bitta o‘quvchiga ta’lim berish uchun o‘n to‘rt fidoyi ustoz tog‘lardan o‘tgan. Bu ham xuddi shunday mo‘jiza”, deya yoziladi xabar yakunida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//