O‘zbekistonlik yosh astrofizik qora tuynuklarni o‘rganishda ilg‘or dasturiy vositani taklif qildi

Saqlash
13:02 / 25.05.2025 74 0

Samarqandlik yosh astrofizik Temurbek Mirzayev  23-may kuni Xitoyning eng nufuzli universitetlaridan biri — Shanghai Fudan universitetida PhD dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi

 

Uning dissertatsiya mavzusi “Rentgen nurlari va qora tuynuklar: ZIJI modeli asosida yangi yondashuv” bo‘lib, unda aytilgan fikrlar zamonaviy astrofizika uchun yutuq bo‘lishi mumkin.

 

 

Mirzayev taklif qilayotgan ilg‘or dasturiy vosita qora tuynuk atrofidagi akkretsiya disklari va toj (corona) geometriyasini modellashtirib, qaytuvchi rentgen nurlanish ta’sirlarini hisobga oladi.

 

Yosh olimning ZIJI modeli qaytuvchi nurlanishni aniq hisoblash, akkretsiya diski + toj modelini qo‘llash, haqiqiy spektr asosida ionlanish darajasini aniqlash, har bir radial koordinatada energiya balansini aniqlik bilan tahlil qilish kabi asosiy imkoniyatlarga ega.

 

Xabarda yozilishicha, ZIJI nomi XV asrda yashagan buyuk o‘zbek astronomi, matematigi va hukmdori Mirzo Ulug‘bekning “Ziji Jadidi Ko‘ragoniy”dek ajoyib merosidan ilhomlangan holda tanlab olingan.

 

“Ulug‘bek yulduzlarning joylashuvini aniqlagan bo‘lsa, Temurbek qora tuynuklar atrofidagi nurlanishni aniqlashda zamonaviy ilm-fanga hissa qo‘shmoqda”, deyiladi xabarda.

 

Ma’lumot uchun, Temurbek Mirzayev O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Bobomurod Ahmedov va professor Ahmadjon Abdujabborovning shogirdi hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//