
Jamiyat
Xabaringiz bor, bugun respublika bo‘ylab "So‘ngi qo‘ng‘iroq" tadbirlari davom etmoqda. Shuningdek, ko‘pgina davlat tashkilotlari rahbarlari bitiruvchilarga o‘z tabriklarini yo‘llamoqda. Jumladan, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova umumta’lim tashkilotlarini tamomlayotgan o‘quvchilarning barchasiga omad tiladi.
“Bugun chalinadigan so‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari bir umrga yuragingizdan joy olishiga ishonaman. Uning jarangdor sadolari hamisha beg‘ubor yoshlik va o‘quvchilik davringizni yodga solib turishi shubhasiz.
Barchangizga mustahkam sihat-salomatlik, davomli muvaffaqiyatlar tilab qolaman, aziz bitiruvchi yoshlar!” deb yozib qoldirdi Umarova o‘z Telegram sahifasida.
Shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov bitiruvchilarga o‘z tabrigini izhor qildi:
“Yuraklaringizda shod-u xurramlik, ko‘zlaringizda buyuk orzular mujassam bo‘lgan shu daqiqalarda barchangizni ta’lim olishdagi muhim bosqich – maktabni muvaffaqiyatli yakunlayotganingiz bilan samimiy muborakbod etaman.”
Shuningdek, vazir joriy yil bitiruvchilarining vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi:
“Siz – Yangi O‘zbekistonni barpo etayotgan avlodsiz! Shu bois har biringizda vatanparvarlik tuyg‘ulari, yurt taqdiriga daxldorlik hissi va katta mas’uliyat bo‘lishi darkor. Ta’lim davomida orttirgan bilim va ko‘nikmalaringiz, ezgu niyat va yuksak maqsadlaringiz bilan Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishingizga ishonchim komil.
Sizlarga kuch-g‘ayrat, bardavom omad, tinimsiz izlanish va orzu-maqsadlaringiz sari qat’iyat bilan intilish tilayman. Oldindagi yo‘lingiz muvaffaqiyatli bo‘lsin!”
Bundan tashqari, Yoshlari ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayev ham bitiruvchilarni bugungi bayram bilan qutladi va ularga aka sifatida bir qancha hayotiy tavsiyalar berdi:
“1. Oila va munosabatlar:
Chinakam baxt — atrofingizda mehrli odamlar bo‘lsa paydo bo‘ladi. Oilangiz, do‘stlaringiz, ustozlaringiz va jamiyatingiz bilan bo‘lgan aloqalaringizni qadrlang. Muhabbat va hurmat asosida munosabatlar qurishga intiling. Yaxshi insonning eng katta boyligi — uning go‘zal xulqidir.
2. Kasb va faoliyat:
Orzularingizga ergashing, bilim va mahoratingizni doim oshirib boring, "shunchaki" ishlamang. Kasbingiz sizning qiziqishlaringiz va qadriyatlaringiz bilan uyg‘un bo‘lsin. Ba’zan yo‘l murakkab bo‘lishi mumkin — lekin bu yo‘lni tanlab har holda o‘zga insonning hayotini yashamaysiz.
3. Sog‘lik:
Sog‘ligingiz — hayotingizning poydevori. Har kuni tanangiz va ruhingiz uchun foydali odatlarni tanlang: jismoniy faollik, sog‘lom ovqatlanish, yetarli uyqu. O‘zingizga g‘amxo‘rlik qilmasangiz, boshqa hech narsaga kuchingiz yetmaydi.
4. Shaxsiy rivojlanish:
Bilim izlang, yangi narsalarni o‘rganing, o‘zingizni sinang. Kitoblar, tajribalar, safarlar va muloqotlar sizni yanada kuchliroq qiladi. Ortiqcha dabdabadan voz keching, ilm o‘rganish oddiylikni, soddalikni yaxshi ko‘radi. Sarmoyangizni to‘g‘ri yo‘naltiring.
5. Boshqalarga foyda keltirish:
Bu dunyoga nafaqat olish, balki berish uchun ham kelganmiz. Bilimingiz, vaqtingiz, yoki yuragingiz bilan boshqalarga yordam bering. Siz hayoti o‘zgarishiga sababchi bo‘lgan insonlar — haqiqiy merosingiz bo‘ladi.
Faqat muvaffaqiyatga emas, mazmunli hayotga intiling.”
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov ham yo‘llagan tabrigi bilan birga yoshlarga o‘z maslahatlarini berib o‘tdi.
“Aziz ukalarim, qadrli singillarim men ham bundan 23 yil avval shu hayajonlarni his qilgan edim. O‘shandan to hozirgi paytgacha chiqargan xulosalarimni jamlab, sizlarga ayrim maslahatlar bermoqchiman:
🔹KATTA MAQSAD QO‘YING. Katta yo‘lga chiqmoqdasiz, maqsadni katta, harakatlaringizni shiddatli qiling!
🔹Nima ish qilsangiz ham doim shijoat, g‘ayrat bilan intiling! To‘siqlardan, xato qilishdan qo‘rqmang! Faqat vaqtida xulosa chiqarishni unutmang!
🔹Har bir yutuq ortida katta qalbli yaqin insonlaringiz: ota-ona, oilangiz turishini unutmang. Ularni qadrlang, ishonchlarini oqlang!
🔹Tanlagan kasbingizni avvalo, seving, undan zavq, baxt topa olishingizga ishoning. Chunki qaysidir soha faqat pul topish manbai emas, insonni o‘z imkoniyatlarini ko‘rsatadigan, harakatlariga mazmun beradigan kuchdir ham.
🔹Tinmay o‘z ustingizda ishlang. Ham jismonan ham ruhan kuchli bo‘lishga intiling, bu yo‘lda dangasalik qilmang.
🔹Hammaga: oila, yaqinlar, do‘stlar, jamiyat va Vatanga naf keltirishga intiling. Bu naf aslida sizga ko‘proq zavq, hayotiy mazmun, baxt beradi!
Eng muhimi, hayotiy qadriyatlaringizda mustahkam turing!
Sinfdosh-do‘stlardan uzoqlashmang! Balki, 25-may sanasini har yili o‘zaro yig‘ilish, bilim-tajriba almashish kuni ham qilarsizlar!
Bu yo‘lda sizlarga omad-muvaffaqiyat, sog‘lik tilab qolaman!”
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Alisher Ubbiyev o‘z tilaklarini bildirar ekan, quyidagicha yozadi:
“Bugun siz hayotingizdagi eng muhim bosqichlardan birini – maktab ta’limini muvaffaqiyatli yakunlab, mustaqil hayot sari dadil qadam qo‘yayotganingiz bilan chin yurakdan tabriklayman!
“So‘ngi qo‘ng‘iroq” sadolari — sizning saboqlarga boy bolalik yillaringizga, pokiza orzular ila to‘lgan o‘quvchilik davringizga, mehribon ustozlaringiz, sadoqatli do‘stlaringiz bilan kechgan unutilmas xotiralaringizga yakundek tuyilishi mumkin.
Ammo bu sadolar mustaqil hayot sari odim tashlayotgan qadamlaringizning jarangi hisoblanadi. Siz endi katta hayot sari dadil qadam qo‘yayotgan, orzulari ulkan, nigohi o‘tkir, yuragi Vatanga muhabbat, sadoqat hislari bilan to‘lgan yoshlarsiz! Sizni bugungi quvonchli va hayajonli kun bilan chin yurakdan muborakbod etaman!”
Ubbiyev tabrigi davomida joriy yilda Prezident, ijod, sport va ixtisoslashtirilgan maktablarni 8025 nafar yigit-qiz tamomlayotganini ma’lum qildi.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ham quyidagicha tilaklarni yozib qoldirdi:
“Aziz bolalar, o‘z kuchingiz va qobiliyatingizga ishonchni aslo yo‘qotmang!
Mana bugunga qadar ham qancha yutuqlarga erishdingiz, undan-da yuksak g‘alabalarga munosibsiz!
Imkoniyatlar izlashdan to‘xtamang!
Yangi taassurotlar, hayotiy vaziyatlarga tayyor turing.
Sizni yangi-yangi g‘oyalar, rejalar kutmoqda.
Aynan shu tariqa o‘z yo‘lingizni topasiz!
Biz Sizning kuchingiz va salohiyatingizga ishonamiz, yo‘lingizda hamisha qo‘llaymiz.”
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q