Metallolomga topshirilgan snaryad bo‘yicha rasmiy munosabat bildirildi

Saqlash
10:19 / 24.05.2025 175 0

Ijtimoiy tarmoqlarda kuni kecha “Harbiylarimiz metallolomga snaryad sotishibdi, keyin u portlabdi” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi.

 

Mudofaa vazirligi mazkur holatga rasmiy munosabat bildirdi

 

Ta’kidlanishicha, ushbu snaryad vazirlik tasarrufida bo‘lmagan hududda mahalliy cho‘ponlar tomonidan o‘zboshimchalik bilan qazib olingan hamda metallolomga topshirilgan.

 

“Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bunday holatlarda fuqarolar xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga zudlik bilan xabar qilishi shart”, deyiladi munosabatda.

 

Vazirlik ushbu voqeaga harbiy xizmatchilarning hech qanday aloqasi yo‘qligini va jinoiy javobgarlikka tortilmaganini ma’lum qildi. 

 

Xabarga ko‘ra, ushbu turdagi snaryad O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida mavjud emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu turdagi snaryad 1970-yillarda qo‘llanilgan. 

 

Ayni vaqtda holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.  

 

Vazirlik respublikadagi barcha elektron nashrlar va blogerlardan ma’lumotlarni noto‘g‘ri talqin qilmasliklarini so‘ragan va asoslanmagan yolg‘on xabar tarqatganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida javobgarlik mavjudligini eslatib o‘tgan.

 

Ma’lumot uchun, voqea Xorazm viloyati Yangiariq tumanida sodir bo‘lgan. Yig‘ish punktining 31 yoshli xodimi hodisa oqibatida vafot etgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//