Muzrabot tumaniga yangi hokim tayinlandi

Saqlash
11:43 / 23.05.2025 57 0

Xalq deputatlari Muzrabot tumani Kengashining-navbatdan tashqari sessiyasida shu vaqtga qadar tuman hokimi vazifasini bajarib kelgan Alisher Qurbonov lavozimidan ozod etilgani ma’lum-qilindi. 

 

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ushbu lavozimga Mamatqulov Abdulla Abdimo‘minovich nomzodini taklif etdi. Taklif tuman Kengashi deputatlari tomonidan ma’qullangan.

 

Ma’lumot uchun, Abdulla Mamatqulov 1985-yilda Oltinsoy tumanida tug‘ilgan. 2011-yilda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutini mexanik-texnolog mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 

 

Mehnat faoliyati davomida u “Surxondaryo suv ta’minoti” MCHJ direktorining o‘rinbosari, Bandixon tumani hokimining o‘rinbosari, “Surxondaryosuvqurilishinvest” DUK direktori kabi mas’uliyatli lavozimlarda ishlagan. 

 

Tayinlovga qadar Mamatqulov “Surxondaryo suv ta’minoti” AJ direktori vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

 

 

Sessiyada viloyat rahbari tumanning yangi hokimi oldiga aholi turmush darajasini oshirish, mavjud salohiyat va imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, hududni har tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalarni qo‘ygan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//