Din ishlari boʻyicha qoʻmita firibgarlardan ogoh boʻlishga chaqirdi

Saqlash
17:14 / 22.05.2025 55 0

Din ishlari boʻyicha qoʻmita Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligidan xabarnoma kelib tushganini maʼlum qildi.

 

Unda ruxsatnomasiz haj amallarini bajarishga harakat qilish tegishli tartibda javobgarlikka tortilishsa sabab boʻlishi aytiladi.

 

Shuningdek, xabarnomaga Saudiya Ichki ishlar vazirligining maxsus bayonoti ham ilova qilingan.

 

Belgilangan tartibga muvofiq Haj amallarini bajarish uchun ziyoratchida “Haj-2025” vizasi boʻlishi shart.

 

Saudiya Arabistoni hukumati qolgan barcha turdagi vizalar — umra, turizm, biznes, ziyorat va boshqalar bilan haj tadbirini amalga oshirishga qatʼiy yoʻl qoʻymaydi.

 

Taʼkidlanishicha, tushuntirish va ogohlantirishlarga qaramay, hozirda ayrim turfirmalar va uchinchi davlatlar orqali oʻzbekistonliklarni haj ziyoratiga joʻnatishga harakatlar kuzatilmoqda.

 

Qoʻmita Saudiya huquq tartibot idoralari tomonidan amalga oshirilayotgan reydlar natijasida noqonuniy ravishda Haj ibodatini amalga oshirishga uringan shaxslarga nisbatan jazo choralari qoʻllanilishini va mamlakatdan deport qilinishini yana bir karra eslatib oʻtdi.

 

Xususan, noqonuniy yoʻllar bilan haj amallarini bajarmoqchi boʻlganlarga 20 mingdan 100 ming Saudiya riyoligacha (qariyb 68 mln soʻmdan 344 mln soʻmgacha) moliyaviy jarimalar qoʻllaniladi.

 

Shuningdek, fuqaroni Saudiyadan deportatsiya qilish hamda keyingi 10-yil davomida Podshohlikka kirishi taqiqlanganlar roʻyxatiga kiritilishi belgilangan.

 

Maʼlumot uchun, Haj tadbiri Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi oʻrtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi hamda bunday faoliyat bilan boshqa tashkilotlarning shugʻullanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

“Shunday ekan, yurtdoshlarimizni turli aldov yoʻllari bilan hajga olib borishni vaʼda qilayotgan firibgarlarga ishonmaslikka chaqiramiz!” deyiladi qoʻmita xabarida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//