Oʻzbekistonliklar taʼlimga kutilganidan koʻp pul sarflamoqda – Tadqiqot

Saqlash
15:31 / 22.05.2025 59 0

Markaziy bank I chorak uchun aholining isteʼmol kayfiyati sharhini taqdim qildi.

 

2025-yilning mart oyida isteʼmol kayfiyatini oʻrganish boʻyicha oʻtkazilgan soʻrovlarda jami 2 900 nafarga yaqin aholi qatnashgan boʻlib, respondentlar, asosan, kelgusidagi shaxsiy moliyaviy holatlariga nisbatan ijobiy munosabat bildirgan.

 

Soʻrovnomada qatnashganlarning katta qismi rasmiy oylik maoshini asosiy daromad manbai sifatida koʻrsatgan. Tomorqadan foyda koʻradiganlar va boshqa sohada daromad qiladiganlar keyingi oʻrinlardan joy olgan.

 

Tahlil natijalariga koʻra, 2024-yil IV chorakda quyi va oʻrta daromadli toifadagi respondentlar (3 mln soʻmgacha, 3-5 mln soʻm va 5-7 mln soʻm) kelgusi chorakda xarajatlarining oshishini kutishmoqda. Shu bilan birga, yuqori daromadlilar, yaʼni 10-15 mln soʻm va 15-20 mln soʻmdan ortiq daromadga ega respondentlar xarajatlarini amalga oshirishda ehtiyotkorlikni saqlab qolmoqda.

 

Barcha daromad guruhlari kutilmalarida xarajatlar, asosan, uy-joy, taʼlim, avtomobil va toʻy marosimlari bilan bogʻliq.

 

Jumladan, 18-30 yoshlilar asosan taʼlim, uy-joy taʼmiri, davolanish va boshqa xarajatlarni rejalashtirayotgan boʻlsa, oʻrta yosh vakillari (31–40 yosh) koʻproq davolanish hamda uy-joyni taʼmirlashga mablagʻ sarflamoqchi ekanini bildirgan.

 

Shuningdek, 41–50 yoshlilar ham oʻxshash yoʻnalishlarda: davolanish, uy-joyni taʼmirlash va boshqa ehtiyojlar uchun xarajat qilishni rejalashtirmoqda. Ushbu guruhda toʻy va avtomobil xaridi yoʻnalishidagi xarajatlar ham yuqori koʻrsatkichda saqlanib qolmoqda.

 

Katta yoshdagilar(50 yoshdan yuqori)da davolanish mutlaq ustuvor yoʻnalishga aylangan boʻlib, qolgan barcha xarajat maqsadlari kamroq ulushga ega.

 

 

Kelgusi chorakda ham aholi uy-joy taʼmirlash, taʼlim va sogʻliqni saqlash kabi muhim sohalarga sarflarini davom ettirishni rejalashtirgan. Bunda avtomobil xaridi va toʻy marosimlari kabi yirik xarajatlar ham inobatga olingan.

 

 

Soʻrov natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, ushbu tovar va xizmatlarga boʻlgan talabning yaqin istiqbolda ham yuqori darajada saqlanib qolishini kutish mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//