Ishonch telefonlari ishlamayotgan bir qator davlat tashkilotlariga taqdimnoma kiritildi

Saqlash
14:19 / 22.05.2025 58 0

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida yoʻlga qoʻyilgan qayta aloqa tizimlarining samaradorlik darajasi, shuningdek, ishonch telefonlari faoliyatining sifati “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbiri orqali oʻrganildi.

 

Joriy yilning 13–16-may kunlari oʻtkazilgan nazorat jarayonida agentlik tomonidan 104 ta davlat organlari va tashkilotlarining bu boradagi faoliyati masofaviy monitoring qilingan.

 

Xabarga koʻra, qator vazirlik va idoralar, xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklarining rasmiy veb-saytlarda eʼlon qilingan idoraviy aloqa (ishonch telefonlari) raqamlari orqali bir necha bor bogʻlanishga harakat qilinganda qoʻngʻiroqlar javobsiz qoldirilgan.

 

Oʻrmon xoʻjaligi agentligi, Bojxona qoʻmitasi ishonch telefonlari esa ishchi holatda emasligi aniqlangan. Holat yuzasidan masʼullar bilan bogʻlanib, bartaraf etish choralari koʻrilgan.

 

Shuningdek, oʻrganish davrida Sogʻliqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi va Yoshlar ishlari agentligining rasmiy veb-saytda eʼlon qilingan idoraviy aloqa markazlari (ishonch telefonlari) raqamlari ishchi holatda emasligi maʼlum boʻlgan.

 

Qayd etilgan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida bu kabi holatlar takrorlanishining oldini olish choralarini koʻrish boʻyicha ushbu vazirlik va idoralarga taqdimnoma kiritilgan.

 

“Bunday tadbirlar orqali qayta aloqa tizimining samaradorligi darajasi telefon qoʻngʻiroqlarga oʻz vaqtida javob berilishi, aloqa raqamlari orqali ariza, taklif va shikoyatlar qoldirish imkoniyati yaratilganligi, shuningdek, murojaat etuvchilarga real vaqt rejimida oʻzlari masʼul boʻlgan sohaga oid tushuntirish va yuridik maslahatlar berish mexanizmi joriy etilganligi baholanadi”, deyiladi agentlik xabarida.

 

Yozilishicha, davlat organlari va tashkilotlaridagi qayta aloqa tizimlarining samaradorlik darajasini oʻrganish ishlari davom ettiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//