Donald Tramp sunʼiy intellekt yaratgan suratli kontentlarni taqiqlovchi qonunni imzoladi

Saqlash
13:48 / 22.05.2025 48 0

AQSH prezidenti Donald Tramp “Internetdan oʻchirish toʻgʻrisidagi qonun“ni imzoladi. Mazkur qonun ayniqsa, ayollar va bolalarga nisbatan jinsiy ekspluatatsiya uchun sunʼiy intellektdan foydalanishdan qaytaradi. Qonun loyihasini uning rafiqasi Melaniya Tramp ilgari surgan.

 

Tramp Oq uyda boʻlib oʻtgan qonun imzolash marosimida taʼkidlashida, sunʼiy intellekt texnologiyalari rivojlangani sayin internetda jabrlanuvchining xabardorligi va roziligisiz “dahshatli“ suratlar tarqala boshladi. Tramp shuningdek, bu mazkur sferadagi birinchi qonun sanalishini qayd etib oʻtdi.

 

“Generativ sunʼiy intellekt texnologiyalari rivojlangani sayin son-sanoqsiz ayol va bolalar dipfeyk qurboniga aylandi. Ularning xabardorligisiz odobsiz suratlari tarqaldi. Bu notoʻgʻri va dahshatli. Bugun biz yuqoridagilar qonunga zid ekanini rasman eʼlon qilamiz” – deydi Tramp.

 

U shuningdek, qonunni buzganlar 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishidan ogohlantirdi. Shu kabi materiallarni tarqatuvchi onlayn platformalar boʻlsa tegishli kontentlarini zudlik bilan oʻchirishi shart.

 

Biz internetdagi onlayn jinsiy ekspluatatsiyaga toqat qilmaymiz. Bu kabi holatlar misli koʻrilmagan miqyosga yetib, vaziyat yomonlashishda davom etmoqda. Va men mazkur qonun jarayonni toʻxtatishga yordam berishidan umid qilaman” – qoʻshimcha qildi Tramp.

 

Tramp shuningdek, qonun Kongressda – 99 ovoz bilan Senatda, 408 ta ovoz bilan vakillik Palatalarida qoʻllab-quvvatlanganiga eʼtibor qaratdi.

 

Birinchi xonim Kongressda partiya qoliplaridan tashqarida ham ishlash mumkinligini koʻrsatdi. Bu aql bovar qilmaydigan narsa. Afsuski, barcha qonunlar ham bunchalik qoʻllab-quvvatlanmaydi” – deydi Prezident.

 

Qonun loyihasi Kongressga Melaniya Tramp tashabbusi bilan Texas Respublikachi partiyasi senatori Ted Kruz va Minnesota shtatidan demokrat Emi Klobushar tomonidan kiritilgan. U birinchi marta fevral oyida Senat tomonidan qabul qilinib, keyin Palata tomonidan tasdiqlangan.

 

Hujjat onlayn platformalarda Sunʼiy intellekt tomonidan ishlangan, real insonlar obrazidan ularning roziligisiz foydalanilgan pornografik rasm va videolar joylashni taqiqlaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//