
Jamiyat
Prezident farmoni bilan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatishning yangi tizimini joriy etishning asosiy maqsadlari belgilandi.
Bular:
▪️ xalqaro tajribaga asoslangan aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatishning yangi modelini joriy qilish;
▪️ aholiga tibbiy yordam koʻrsatishda oilaviy shifokor ulushini 70 foizga yetkazish;
▪️ sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish hamda tibbiyotda qogʻozbozlikni kamaytirish orqali tibbiyot xodimlari ish yuklamasini 30 foizgacha kamaytirish;
2025-yil 1-iyuldan mazkur Farmonda belgilangan tuman (shahar)larda, 2026-yil 1-yanvardan Samarqand viloyatining barcha tuman (shahar)larida tajriba-sinov tariqasida sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy qilinadi.
Tajriba-sinov loyihasi doirasida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari negizida tuman (shahar) sogʻliqni saqlash boʻlimlari tashkil etiladi.
Farmonga koʻra, endi oilaviy poliklinikalarda tibbiyot xodimlari faqat toʻliq stavkada faoliyat yuritadi.
Shuningdek, oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokor punktlari, shu jumladan, ularga filial sifatida biriktirilgan muassasalar hamda mahalla tibbiyot punktlari biriktirilgan aholi sonidan kelib chiqib, yuridik maqomga ega oilaviy poliklinikalarga hamda ularning filiallariga aylantiriladi.
Aholiga esa oilaviy shifokorni erkin tanlash huquqi beriladi.
Shuningdek, tibbiyot brigadasiga 3 ming nafar, zarur hollarda, belgilangan meʼyorlarga qoʻshimcha aholi biriktirilishi mumkin. Bunda 2030-yilga qadar 1 tibbiyot brigadasiga koʻpi bilan 1,7 ming nafar aholi biriktirilishi strategik maqsad etib belgilanadi.
Oilaviy poliklinikadan 10 kilometrdan uzoq masofada joylashgan mahallalarda yashovchi aholi uchun ham tibbiyot xodimlarining sayyor tibbiy xizmati yoʻlga qoʻyiladi.
Bundan tashqari, tajriba-sinov loyihasi doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlari bazaviy tarif stavkalariga quyidagi miqdorlarda qoʻshimcha ustamalar toʻlanadi:
▪️ sayyor tibbiy xizmat koʻrsatuvchi tibbiyot xodimlariga oylik lavozim maoshi yoki bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida;
▪️ tibbiyot brigadasiga belgilangan meʼyorlardan 10 foiz ortiqcha qoʻshimcha biriktirilgan aholining har biri uchun mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 0,3 foizi miqdorida – shaharlarda, 0,5 foizi miqdorida – tumanlarda;
▪️ oila salomatligi boʻyicha maxsus oʻquv dasturi asosida tashkil etiladigan kurslarning barcha bosqichlarini muvaffaqiyatli tugatgan tibbiyot xodimlari uchun sertifikatga muvofiq bazaviy tarif stavkasining 100 foizi miqdorida.
Shu bilan birga, tuman (shahar) markaziy shifoxonalarida ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshlari – 20 foizga, oʻrta tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshlari esa 10 foizga oshiriladi.
Oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) markaziy shifoxonalarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun faoliyat samaradorligi koʻrsatkichlari (KPI) asosida oylik lavozim maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama joriy etiladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q